PISA dasturi haqida

PISA dasturi, PISA testlari PISA tarixi haqida batafsil ma’lumotlar. PISA testlariga namunalar.

PISA testlari nima?

PISA (inglizcha – Programme for International Student Assessment) – turli davlatlarda 15 yoshli o‘quvchilarning savodxonligini (o‘qish, matematika, tabiiy fanlar) hamda bilimlarini amaliyotda qo‘llash qobiliyatini baholovchi dastur.
Bu dastur 3 yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Dastlab 1997-yilda ishlab chiqilgan va 2000-yilda birinchi marta qo‘llanilgan. Bu dastur bo’yicha har uch yilda o’quvchilarning bilimini baholash maqsadida sinovlar o’tkaziladi. Hozirgi kungacha jami 7 marta (2000, 2003, 2006, 2009, 2012, 2015 va 2018 yillar) PISA dasturi bo’yicha testlar o’tkazilgan bo’lib, keyingi sinovlar 2021 yilda bo’lishi rejalashtirilgan. Mamlakatimiz ham 2021 yildan bu dasturga qo’shilishga tayyorgarlik ko’rmoqda.
Lekin bu dasturdan qatnashishdan maqsad testlarni o’tkazish yoki o’quvchilarni testga tayyorlash emas, o’quvchilarimizda XXI asr ko’nikmalarini shakllantirish raqobatbordosh kadrlarni yaratish uchun mustahkam zamin yaratish hisoblanadi.
Xo’sh, PISA dasturining maqsadi nima, u qanday zaruriyat tufayli paydo bo’ldi va PISA savollari qanday prinsipga asoslangan holda tuziladi?
XXI asr – informatsion texnologiyalar asri. Bu asr o’z mutaxassislaridan umuman oldingidan farq qiluvchi kompetensiyalarni talab qiladi. XX asrda va undan oldin kuchli xotira, ensiklopedik bilim, o’z sohasida iloji boricha ko’proq ma’lumotni bilgan mutaxassislar yuqori qadrlangan bo’lsa, endi bu bilimlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’lmay qoldi. Qidiruv tizimlari, onlayn ensiklopedialar, sohalar bo’yicha mukammal onlayn ma’lumotlar bazalari yaratildiki, endi bu ma’lumotlarni eslab qolish zaruriyati ikkinchi planga tushib qoldi.
Hozirgi zamon mutaxassisida bu bilimlarni tahlil qilish, ulardan yangi ma’lumotlarni hosil qila olish, xalq tili bilan aytganda “kosa tagidagi nimkosa”ni ko’ra olish kompetensiyasi birinchi o’ringa ko’tarilayapti.
PISA testlari xuddi shu o’zgarishlarni ta’lim tizimida aks ettirish, maktab o’quvchilarining haqiqiy hayotda kerak bo’ladigan hodisalarni tahlil qilish, ulardan xulosa chiqarish va muloqotga kirishish ko’nikmalarini qay darajada egallayotganini, ta’lim tizimining bu o’zgarishlarga qanchalik moslashayotganini aniqlash maqsadida o’tkaziladi.

PISA test tarkibi

PISA testlari 5 ta yo’nalish bo’yicha o’tkaziladi: O’qish, matematik savodxonlik, tabiiy-ilmiy fanlar, hamkorlikda muammolarni hal qilish va moliyaviy savodxonlik yo’nalishlari. O’zbekiston 2021 yilda uch yo’nalish: O’qish, matematik savodxonlik va tabiiy-ilmiy fanlar yo’nalishlari bo’yicha testlarda qatnashishni rejalashtirgan.
Testlarda asosiy e’tibor o’quvchilarning mazkur yo’nalishlar bo’yicha ENG ASOSIY TUSHUNCHALARNI BILISHI, BAZAVIY BILIM VA KO’NIKMALARNI EGALLAGANI, ULARDAN HAYOTIY VAZIYATLARDA FOYDALANA OLISHIGA QARATILADI! Bu testlarda o’quvchilarning DARS DAVOMIDA ANIQ MAVZULAR BO’YICHA O’RGANGAN BILIMLARINI SINOVDAN O’TKAZISH NAZARDA TUTILMAGAN!
PISA sinovlarida to’rt xil sinov usulidan foydalaniladi:

    a) Bir javobli testlar;

    b) Bir nechta javobli testlar;

    c) Qisqa yoki batafsil javob yoziladigan savollar;

    d) Biror muammoning yechimi bo’yicha o’quvchi fikri (odatda bunday savollarda tekshiruvchida umumiy javoblar bo’ladi, o’quvchi javobi test tuzivchi javobiga aynan mos kelishi talab qilinmaydi, o’quvchi ijodkorligi qo’llab quvvatlanadi).

Bundan tashqari testlar bilan bir vaqtda o’quvchilardan anketalar ham olish nazarda tutilgan.

PISA: Asosiy yo’nalishlar

O’qish savodxonligi: Insonning matn shaklida berilgan ma’lumotlarni tushina olish va ularga reaksiya bera olish ko’nikmasi, jamiyat hayotida faol qatnashish jarayonida o’qigan ma’lumotlaridan o’z maqsadlari yo’lida foydalana olish, bilim va imkoniyatlarini oshira olish layoqati.
Bu yerda, o’qish savodxonligi tushunchasi keng ma’no kasb etadi. Bu yo’nalish maqsadi o’quvchining berilgan badiiy asardan parcha, biografiya, xat, hujjat, gazeta va jurnallardan olingan maqolalar, turli qo’llanmalar, geografik kartalar kabi rangba-rang tematikadagi, tarkibida matnni ochib berishga mo’ljallangan diagrammalar, rasmlar, kartalar, grafik va jadvallar berilgan matnni tushinishi, mazmuni haqida fikr yurita olish, matn mazmuniga baho berish va o’qiganlari haqida o’z fikrini bera olishi kabi kompetensiyalarini aniqlash hisoblanadi.
Matematik savodxonlik: Insonning matematikaning o’zi yashayotgan olamdagi o’rnini bilishi, matematik jarayonlarni to’g’ri va to’liq asoslay olishini tekshiradi. Shaxsning matematikadan yaratuvchan, qiziquvchan va fikrlovchi insonning hozirgi va kelajakdagi matematik bilimlarga bo’lgan ehtiyojini qondira oladigan darajada foydalana olishini ta’minlash bu bo’limning asosiy maqsadidir.
Bu bo’limdagi savodxonlik terminidan bu bo’lim maqsadi odatda maktab dasturida beriladigan bilimlarni qay darajada o’zlashtirganini aniqlash emasligni ko’rsatish uchun foydalanilgan. Asosiy e’tibor matematik bilimlardan turli xil hayotiy vaziyatlarda fikrlash va intiutiv qaror qabul qilish talab qilinadigan turli uslublaridan qo’llagan holda foydalana olish nazarda tutiladi. Lekin bu turdagi savollarga javob berishda maktab dasturida beriladigan bilim va ko’nikmalar zarur bo’lishi mumkin.
Bu yo’nalish sinovlarida odatda hayotning turli sohalarida (tibbiyot, turar joy, sport va hk) duch kelinishi mumkin bo’lgan matematikaga oid vaziyatlar taklif qilinadi.
Tabiiy-ilmiy fanlar savodxonligi: Hayotiy hodisalarda ilmiy usulda hal qilinishi mumkin bo’lgan muammolarni aniqlash, kuzatuv va tajribalar asosida xulosalar chiqarish kompetensiyasi. Bu xulosalar atrofimizdagi olamni tushinish va inson faoliyati natijasida unda sodir bo’layotgan o’zgarishlarni anglab yetish, shunga ko’ra kerakli qarorlar qabul qila olish ko’nikmasini rivojlantirish bu bo’limning asosiy maqsadidir.
Bu savodxonlik asosi bizning maktablarimizda fizika (astronomiya elamentlari bilan birga), biologiya, kimyo va geografiya fanlari o’qitilish jarayonida berilishi ko’zda tutilgan.

PISA test namunalar

O’zbekiston ta’lim sohasida islohatlarning yangi bosqichi hisoblangan PISA dasturida ishtirokiga tayyorgarlik bosqichi ustozlardan o’z ishlariga yangicha yondashishni talab etadi. Bu tizim mamlakatimizda yangi, bu borada ishlar endi boshlanganini nazarda tutsak, birinchi navbatda o’qituvchilarni bu tizim bilan tanishtirish, tizim talabi va imkoniyatlarini ularga tushintirish kerak bo’ladi.
Shu maqsadda, PISA testlarini tuzish va ular bilan ishlash bo’yicha ko’nikma hosil qilish maqsadida, asosiy yo’nalishlar bo’yicha turli fanlarga aloqador sinov materiallardan namunalar tuzishga qaror qildik. Quyida shu materiallarni keltiramiz.
Eslatma: PISA testlari haqiqiy namunalari jahon bo’yicha mamlakatlardan saralab olingan eng kuchli mutaxassislar tomonidan tuziladi. Ularda bitta savolda o’rtacha 500 1000 tagacha so’zlardan tashkil topib, har matnga 5-8 gacha turli ko’rinishdagi topshiriqlar beriladi. Bu savollar muallifining ular darajasida tajribasi, bilimi va imkoniyati yo’qligini va savollar faqat taklif xususiyatiga ega ekanini inobatga olasiz deb umid qilaman. Matn va savollarda xato va kamchiliklar bo’lsa, oldindan uzr so’rayman.

O’QISH SAVODXONLIGI

(PISA 2009 sinovida tushgan test tarjimasi)
Makondo
(Gabriyel Garsiya Markesning “Tanholikning yuz yili” romanidan parcha)
Makondo aholisi ham texnika asri ixtirolaridan bahramand bo’la boshladilar. Ular Auriliano Tristi poyezdda olib kelgan generatorning to’tovsiz tum-tumiga ko’nikishlari qiyin bo’lgan bo’lsa ham, generatordan quvvat olayotgan lampochkalarga tunlari uxlamay, termulib chiqishardi. Savdogar Don Bruno Krespi teatrda namoyish qilgan, har bir tamoshasi uchun chipta ikki sentavodan sotilgan jonli tasvirli filmlardagi bir filmda o’lib, qishloq ahlining qayg’usiga sababchi bo’lgan qahramonning boshqa filmda Arab savdogari qiyofasida paydo bo’lishi ularning g’azabini keltirib, teatrdagi o’rindiqlarning chilparchin bo’lishiga olib keldi. Shahar hokimi Don Bruno Krespi iltimosiga ko’ra o’tkazgan yig’ilishida filmlar ko’ngil ochish vositasi ekani, ular odamlarning bu darajada ehtiroslariga arzimasligi haqida ma’ruza qildi. Qishloq aholisi bu ma’ruzadan keyin o’zlarini lo’li ayolning hiylalariga aldangan odamlardek his qilib, o’z tashvishlari ham yetib turganda hayoliy mavjudotlarning muammolarini tamosha qilib, ular uchun ham jon kuydirish niyatlari yo’qligini bildirdilar va boshqa filmlarni ko’rishga kelmaslikka qaror qildilar.
1. Filmlarning qaysi jihati aholining jahli chiqishiga sababchi bo’ldi?
2. Nima uchun Makondo aholisi filmlarga boshqa kelmaslikka qaror qildilar?

    A. Ular ko’ngil ochishni istadilar, lekin filmlar hayotiyligi va tushkin kayfiyat paydo qilishi ularga yoqmadi.

    B. Ular uchun chipta narxi qimmatlik qildi.

    C. Ular hiisyotlarini haqiqiy hayot uchun asrashga qaror qilishdi.

    D. Ular filmlardan hissiy ta’sir kutishgan edi, lekin filmlar zerikarli bo’lib chiqdi.

3. Matn oxirida berilgan “hayoliy mavjudotlar” deganda nima nazarda tutilgan?

    A. Arvohlar

    B. Ixtirolar

    C. Film qahramonlari

    D. Aktyorlar

4. Siz Makondo aholisining filmlar haqidagi fikriga qo’shilasizmi? O’z fikringizni o’zingizning filmlar haqidagi fikringiz va qishloq aholisi fikrini taqqoslash orqali izohlang.

O’QISH SAVODXONLIGI (Adabiyot Test namunasi)

Badiiy asar va film
Abdulla Qodiriyning “O’tkan kunlar” asari asosida suratga olingan filmda ba’zi kamchiliklarga yo’l qo’yilgan. Masalan, Kumushbibi chap qo’lida choy uzatish sahnasi. Filmdagi yana bir lavhada birgina qisqa so’z tashlab ketilgan. Agar chuqurroq o’ylab ko’rilsa, kinochilar adibimizning topqirligiga putur yetkazib qo’yganini fahmlash mumkin. Asarda Yusufbek hojining Marg’ilondan Toshkentga birinchi bor kelgan Kumushbibini kutib olish sahnasi bor. Shu gapga diqqat qiling!
Filmda:
Yusufbek hoji: Marg’ilonda shunday kelinimiz bor ekan, bilmay yurgan ekanmiz.
Asarda:
Yusufbek hoji: Marg’ilonda ham shunday kelinimiz bor ekan, bilmay yurgan ekanmiz.
1. Filmdagi bu xato oqibatida qanday ma’no o’zgarishi sodir bo’lgan deb o’ylaysiz?

    A. Hech qanday o’zgarish yo’q

    B. Asarda Yusufbek hoji bir gap bilan Kumushbibini maqtash asnosida Zaynabni ham alqab o’tadi, filmda bu ma’no tushib qolgan.

    C. Asarda Yusufbek hoji bir gap bilan Kumushbibini maqtash asnosida o’g’li Otabekni ham alqab o’tadi, filmda bu ma’no tushib qolgan.

    D. Asarda Yusufbek hoji Kumushbibiga Toshkentda ham kelini borligini bildirmoqchi bo’lgan, filmda bu ma’no tushib qolgan.

2. Filmda bu so’zning tushib qolishiga qanday omil sabab bo’lgan bo’lishi mumkin? To’g’ri bo’lishi mumkin bo’lgan hamma javobni belgilang.

    A. Rejissyorning e’tiborsizligi

    B. Senariy muallifining e’tiborsizligi

    C. Rejissyorning matnni jo’rttaga o’zgartirgani

    D. Rejissyorning yo senariy muallifining o’zbek tili imkoniyatini to’liq bilmasligi

    E. Abdulla Qodiriyning o’zining maslahati

(Izoh: Aslida bu savol PISA tizimi talablariga to’liq javob bermaydi, PISA savolida o’quvchidan aniq bir ma’lumotni bilish talab qilinadigan savol berilmaydi, lekin biz “Otkan kunlar”ni har bir o’zbek biladigan hayotiy ma’lumot deb qabul qilgimiz keldi)

Muallif: Raxmonberganov Otabek
Xorazm viloyati Gurlan tumani 1-umumiy o’rta ta’lim maktabi informatika fani o’qituvchisi

Maqola yoqdimi? Iltimos, saytni ommalashtirishga yordam berib ijtimoiy sahifadagi do'stlaringizga ma'lum qiling.
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!:

error: Kontent himoyalangan!