Pandemiyani yengish uchun hadislarda nima deyilgan?

Covet 19

Xabarlarning dunyoning hamma burchaklariga bir zumda, yashin tezligida tarqaladigan globallashgan dunyoda yashamoqdamiz.

Olimlar globallashuv hodisasining yaxshi va yomon tomonlari haqida juda ko‘p yozishgan va yozishmoqda. Endi shu axborotlarning rost va yolg‘on tomonlarini bir chetga qo‘yaylikda, aynan biz bilan shu joyda va shu vaqtda ro‘y berayotgan xodisalar haqida mulohaza yuritaylik.

Insoniyat shu kunlarda tarixiy taraqqiyoti mobaynida duch kelgan “tojdor virus”, ya’ni “COVID-19” nomli koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq xodisaga yuzma-yuz kelib turibdi. Bu insoniyat tarixidagi 18-pandemiya hisoblanadi. Pandemiyaning muayyan mintaqada tarqalgan yuqumli kasallik – epidemiyadan farqi shundaki, u butun yer shari miqyosida yoppasiga tarqaluvchi ofatdir.

Bugungi insoniyatning solnomalarida yozilishicha, birinchi pandemiya XI-XII asrlarda butun Yevropa va Osiyoni qamrab olib, dunyoda yuz million kishining yostig‘ini quritgan “Yustinyan o‘lati” deb nomlangan ofatdir.

XIV asrning o‘rtalarida Xitoydan boshlanib, butun Yevropani majruh qilgan “qora o‘lim” nomli o‘lat epidemiyasidan esa 34 million kishi halok bo‘lgan.

XIX asr boshidan buyon 7 marta xuruj qilgan vabo pandemiyasi yuz millionlab kishilarni qirg‘in qilgan.

1918-1919 yillarda yer yuzida “ispancha gripp” pandemiyasidan 550 million kishi kasallanadi va ularning 15 foizi halok bo‘lgan.

2009-2010 yillarda “cho‘chqa gripi” nomini olgan H1N1 virusi Meksikadan boshlanib, butun Yer yuzini egalladi va u 220 ming kishiga yuqib, ulardan qariyib 2 ming nafarini halok qildi.

Bugungi kunda “tojdor virus” pandemiyasidan tashqari 1981 yili Janubiy Afrika respublikasidan boshlangan OITS (SPID) infeksiyasi shu choqqacha 60 million kishiga yuqdi, ulardan 25 millioni halok bo‘ldi.

Bu raqamlar har birimizni jiddiy o‘ylashga undashi lozim. To‘g‘ri, ilgarilari odamlarning tibbiy savodxonligi past, davolash uchun dori-darmonlar yetarli bo‘lmaganligi bois yuqumli kasalliklarni yengish qiyin kechgan.

Ammo tarixdan ma’lumki, XI-XII asrlardagi o‘lat pandemiyasi Farg‘ona vodiysiga ham tarqalgan. O‘latni yengish juda qiyin bo‘lgan. Shunda, islom diniga mansub ulamolardan biri hadislarda bayon etilgan 7 usulni qo‘llab, aholini o‘latdan qutqarib qolgan ekan. Bu usullar quyidagilar: kasallarni ajratib qo‘yish (izolyatsiya qilish); tozalikka qat’iy rioya qilish; to‘g‘ri va pokiza ovqatlanish;  odamlarning chilla saqlab, uylaridan chiqmasligi (karantin – fr. quarantaine ot ital. quarantena — «qirq kun va qirq tun»); odamlarning g‘uj bo‘lmasligi (jamoaviy ibodatlardan tiyilish); sabr-toqatli bo‘lish; vahimaga tushmaslik.

Bu usullar bugungi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Pandemiya ta’siri O‘zbekistonga ham yetib kelgach, hukumatimiz uning tarqalib ketishi oldini olishga oid oqilona qarorlar chiqardi. Biz Xitoy, Fransiya, Italiya va boshqa mamlakatlar tajribasidan to‘g‘ri xulosa chiqarib, imkoni boricha kasallik tarqalishining oldini olishimiz lozim. Bir joydan boshqa joyga borishni to‘xtatishimiz, kasallarni yashirmasligimiz, chegaralarning yopilishini to‘g‘ri tushunishimiz, xududlar o‘rtasidagi aloqalarni imkon qadar kamaytirishimiz lozim. Bu choralar iqtisodga katta zarar keltiradi. Lekin undan ham eng qimmatbaho bo‘lgan inson kapitalini saqlab qolish uchun har qanday iqtisodiy zararga tayyor turishimiz zarur.

Bugungi globallashuv sharoitida odamlarning o‘zaro va jahon bo‘ylab kommunikatsiyasi nihoyatda jadallashib ketgan bo‘lib, bunday sharoit yuqumli kasalliklarning keng tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Boshqa tomondan tibbiyotning rivojlanganligi, aholining tibbiy savodxonligi oshganligi yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish imkoniyatini ham kengaytiradi. Tez orada COVID-19 – koronavirusning antibiotigi ham topiladi. Agar bir yoqadan bosh chiqarib, karantin shartlariga qat’iy rioya qilib, kasallanganlarni yashirmay, ularning o‘z vaqtida tibbiy yordam olishiga imkoniyat yaratsak, har birimiz ibrat ko‘rsatib, intizomli harakat qilsak bu pandemiyani yengamiz.

Ommaviy axborot vositalari orqali berilayotgan maslahatlarga rioya qilishimiz, bir-birimiz bilan bevosita aloqalarni kamaytirishimiz, kasallarni aniqlashda tibbiyot xodimlariga ko‘maklashishimiz, himoya vositalaridan samarali foydalanishimiz, vahimaga berilmasligimiz, bir-birimizga mehr-muruvvat ko‘rsatishimiz pandemiyani yengishimiz uchun asos bo‘ladi.

Pandemiyaning cho‘zilishi ham, qisqartirish ham o‘z qo‘limizda ekanligini unutmaylik. Biz uyushqoq va intizomli bo‘lsak pandemiyani yengamiz. Xalqimizning aql-farosat, sabr-toqat, mehr-muruvvatlilik sifatlari bu sinovdan ham eson-omon o‘tishimizga yordam beradi.

Baxtiyor TO‘RAYEV, falsafa fanlari doktori,

professor

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
BAXTIYOR.UZ

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: