O`quvchilar repetitor yordamisiz universitetlarga kira olmayapti, ayb kimda va sabab nima?

O`quvchilar repetitor yordamisiz universitetlarga kira olmayapti, ayb kimda va sabab nima?
Bizni endi Telegramda ham o'qishingiz mumkin. Kanalga obuna bo'lish

O`quvchilarning maktabda olgan bilimlari bilan oliy ta’lim ostonasiga yo`lay olmasliklari bugungi kunning oddiy haqiqatiga aylanib ulgurdi.

Davlat test imtihonlariga qo`shimcha yana ikki fanning qo`shilishi, ota-onalarning cho`ntagiga qay darajada ta’sir etadi? Oddiy haqiqat esa farzandini 11 yil maktabda o`qitgan ota-ona yana kamida ikki yil o`quv kurslari uchun xarajat qilmasa, oliy o`quv yurtidan umidini uzadi.

O`quvchilarni Davlat test markazi imtihonlariga tayyorlash borasida maktablar deyarli yetarli tajribaga ega emas.

Nima uchun bugun maktabda 11 yil o`qigan o`quvchi qo`shimcha darslarsiz imtihonlarga kira olmayapti? Maktablarda bilim berish saviyasi shunchalar pastmi yoki davlat test markazining talablari yuqorimi?

Ayni shu savol va muammolar yuzasidan Xalqaro matbuot markazida bo`lib o`tgan Press-kofeda Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati vakillari va O`zbekistondagi mavjud 5 partiya yetakchi a’zolari o`z mulohazalarini bildirishdi. Bu haqda O’zA ma’lumottayyorladi.

O`zbekiston ekologik partiyasi matbuot xizmati rahbari Erkin Omonovning aytishicha, maktab o`quvchilarni davlat test imtihonlariga tayyorlay olmasligida Xalq ta’limi vazirligining aybi yo`q.

Oliy ta’lim tizimi pedagoglarni tayyorlashda sustkashlikka yo`l qo`ymoqda.

“Pedagoglar tayyorlay olmagan abiturientlarni, umuman pedagogik tajribasi bo`lmagan o`qituvchilar maxsus o`quv kurslarida tayyorlamoqdalar. O`quv kurslari o`qituvchilarining asosiy qismi pedagoglar emas. Ular iqtisod yoki boshqa yo`nalish bo`yicha diplomga egalar”, deydi Erkin Omonov.

O`zbekiston xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi sektor mudirasi Gulshan Asatova ota-onalarning repetitor va boshqa kurslarga qo`shimcha xarajat qilishga majbur bo`layotganlarini oqlamasligini ma’lum qildi.

“Barcha ota-onalarning ham farzandini qo`shimcha o`qitishga mablag`i yetmaydi. Oqibatda iqtidorli bolalar oliy o`quv yurtlariga kira olmasligi mumkin. Maktab ta’limi saviyasini nazorat qilish lozim. Bu muammo parlament darajasida o`rganilishi kerak ”, dedi Gulshan Asatova
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zosi Munira Qahhorova o`quv kurslarning oliy ta’limga tayyorlash adabiyot va qo`llanmalari maktab darsliklariga nisbatan mukammalroq ekanligini qayd etdi.

“Adolat” sosial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisining axborot siyosati bo`yicha maslahatchisi Bahrom Burhoniddinov repetitorlik muammosida ta’lim vazirligining aybi yo`q, deb bilmoqda. Uning fikricha, test tizimi abiturientlarni testlarni yodlab imtihon topshirishga majbur qilmoqda.

“O`quvchi repetitorga nima uchun boradi? U bilim olish uchun bormaydi. Test variantlarini yodlagani boradi. Bu vaziyatda muammoning sababchisi test tizimidir”, deydi Bahrom Burhoniddinov.

O`zbekiston liberal demokratik partiyasining ayollar bilan ishlash bo`yicha yetakchi konsultanti Nilufar Otaeva maktab darslari soatida yetarli bilim olishga ulgurmagan o`quvchi qo`shimcha kurslarda o`qishga majbur, deya ta’kidlamoqda.

Muhokamada ma’lum bo`ldiki, partiyalarning takliflari yoki amaliy harakatlari yaqin orada muammoga yechim topadigan darajada emas.

Partiyalar ham xuddi repetitorga bormagan abiturientdek, davlat test imtihonlari qarshisida ojiz ko`rinmoqda.

Partiya vakillari na Oliy ta’lim va na Xalq ta’limini bu borada yaqqol sababchi ekanligini asoslab ko`rsata olmadi.

Tizimdagi kamchiliklarga kim tomonidan yo`l qo`yilayotgani aniqlanib chora ko`rilmas ekan, muammo ham, korrupsiya ham yashayveradi.

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: