O‘zingizni xunuk deb hisoblaysizmi? U holda buni o‘qing!

O‘zingizni xunuk deb hisoblaysizmi? U holda buni o‘qing!
Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo'lish

Yaqinda tishimdagi muammo sabab stomatologlarga ko‘p ishim tushdi. Shuning bahonasida qiziqarli narsalarni ham bilib oldim.

Xususan, ko‘pchilik yuz go‘zalligini tug‘ma deb hisoblaydi. Aslida esa bu fe’l-atvor mahsuli ekan. Quyidagi o‘qiydiganingiz hech qanday plastik jarrohliklarsiz, shunchaki fe’l-atvorni o‘zgartirib, go‘zal bo‘lishni istaganlar uchun! Yanayam batafsil esa Toshkent shahridagi xususiy stomatologik klinikalardan birining tajribali shifokori Izzatbek Salomov so‘zlab beradi.
– Dastavval, tishlarning noto‘g‘ri rivojlanishi yuzga qanday ta’sir qilishi haqida aytib bersangiz.
– Tishlar jag‘ anatomiyasi va yuz suyuklari tuzilishiga katta ta’sir o‘tkazadi. Bolalikda tishlarning noto‘g‘ri shakllanishi keyinchalik yuz sohasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Xususan, iyak sohasida ikki iyakning paydo bo‘lishi, chuqur tishlov va hokazolar salbiy holatlar bilan tavsiflanadi. Iyakning ingichka yoki katta bo‘lib ketishi, burun va ko‘z chakkalaridagi suyaklarning nomutanosib shakllanishi shu kabi turli asoratlar keltirib chiqaradi. Biroq hamma ham ushbu nuqsonlar tishlarga e’tiborsizlik tufayli kelib chiqqanini bilavermaydi – buni shunchaki tug‘ma yuz tuzilishi deb hisoblashadi. Aslida esa, bizga arzimas bo‘lib tuyilgan kichik odatlar yuz estetikasini yillar davomida noto‘g‘ri shakllantirib boradi.
– Bu arzimasdek kichik odatlarga nimalar kiradi?
– Avvalo, bolani go‘daklikda noto‘g‘ri emizish, uzoq muddat so‘rg‘ichdan foydalanish jag‘ suyaklarining to‘g‘ri shakllanishiga salbiy ta’sir qiladi. Bunda chuqur tishlov (tepa tish qatori va pastki tish qatori birlashtirilganda teng birikmasligi), tishlarning noto‘g‘ri, qiyshiq o‘sishi kuzatiladi. Bu esa jag‘ va iyakka, u orqali esa butun yuz tuzilishiga ta’sir o‘tkazadi. Ayrim bolalar o‘tish davrida xayolparast bo‘lib qolishadi: ko‘pincha darsda qo‘llarini iyakka tirab, uzoq vaqt xayol surib qolishadi. Bu ham yuz suyaklariyu tish holati o‘zgarishiga olib keladi. Boshqalarining esa (kattalarda ham) yozayotganda ruchkani og‘ziga solish odati bor. Bu ham chuqur tishlovga olib keluvchi omillardan. Ba’zilar qo‘rquv, o‘ychanlik sabab tepa yo pastki tishlarini tishlab turishga o‘rganib qolishadi. Jag‘ anatomiyasiga salbiy ta’sir qiluvchi narsalardan biri ham shu. Jag‘dagi asoratlar hech qanday og‘riqsiz, sezilmay o‘taveradi. Hatto bir umr! Oxir-oqibat noto‘g‘ri chaynov paydo bo‘ladi.
Ovqat og‘izda me’yorda maydalanmasligi (chaynalmasligi) oshqozon-ichak kasalliklarini keltirib chiqaradi. Yuz estetikasi ham nuqsonli shakllana boradi. Keyinchalik noto‘g‘ri nafas olishga olib kelishi mumkin. Bu o‘pkaning havo bilan to‘liq to‘yinmasligiga, natijada esa o‘pka va yurak kasalliklarini keltirib chiqarishiga «hissa qo‘shadi».
– Demak, tishlarning noto‘g‘ri shakllanishi nafaqat ularning ko‘rinishiga, balki butun yuz tuzilishiyu ichki organlar faoliyatiga ham ta’sir qilar ekan-da?
– Albatta, chunki har bir tish yuz suyaklari bilan bog‘liq.
– Yuz estetikasi risoladagidek bo‘lishi uchun qanday maslahat va tavsiyalar berasiz?
– Avvalo, yuqoridagi arzimasdek ko‘ringan salbiy odatlardan tiyilish zarur. Oilada tibbiy tushunchaga ega bo‘lish, farzandlarning tishiyu og‘iz sohasida bo‘layotgan o‘zgarishlarga befarq qaramaslik kerak. Tish shifokori ko‘rigidan o‘tayotganda tishlar to‘g‘ri rivojlanyaptimi, boshqa shifokorga ham zarurat bormi – shular ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
– Bugungi kunda nuqsonli tishlarni yoki noto‘g‘ri shakllangan tishlov (prikus)ni davolash mumkinmi?
– Albatta. Bugun bu kabi muammolarni breketlar (tishga maxsus temirlar tortilishi) va operatsiya orqali to‘g‘rilash mumkin. Breket qo‘yilgach, yuz tuzilishi sezilarli darajada ijobiy tomonga o‘zgaradi. Muhimi – o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish. Bolalikda – hali suyaklar rivojlanishi davrida tish va jag‘dagi nuqsonlar breket bilan qisqa muddat (6 oy)da to‘g‘rilanadi. Yosh ulg‘aygan sari jarayon qiyinlashadi: 6 oydan 2 yilgacha cho‘zilishi mumkin. Ba’zida esa operatsiya qilishga ham to‘g‘ri keladi. Ammo har qanday yosh va holatda ham, bugungi zamonaviy tibbiyotda ushbu muammoni bartaraf etish yo‘llari mavjud.
Demak, turli zararli odatlardan tiyilish orqali ham sog‘lom va benuqson yuz tuzilishi sohibiga aylanish mumkin ekan. U holda hozirdanoq xatti-harakatlarimizga e’tiborli bo‘lib, jag‘ va yuz suyaklari benuqsonligini ta’minlashni unutmaylik.
Maftuna Karimova suhbatlashdi.

Manba: sof.uz

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Izoh qo'shing

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: