Oʻzbek tili — Afgʻonistonda ham rasmiy davlat tili!

Oʻzbek tili — Afgʻonistonda ham rasmiy davlat tili!
Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo'lish

Davlat tili kuni yaqinlashar ekan, xorijdagi oʻzbek vatandoshlarimizning ham ona tilimizga oʻzgacha mehri va talpinishini sezib ichimizdan gʻururlanamiz.

Bugun dunyoda 50 milliondan ortiq kishi oʻzbek tilida soʻzlashadi.
Maʼlumki, yon qoʻshnimiz Afgʻoniston koʻp millatli davlat boʻlib, uning 33 millionli aholisi 14 ta milliy-etnik guruhlardan tarkib topgan. Eng katta milliy-etnik guruhlar sifatida pushtunlar (aholining 50 %i) tojiklar (23 %), oʻzbeklar (11 %) va xazoriylarni (10 %) sanab oʻtish mumkin.
Shu bois, oʻzbek tili Afgʻonistonda davlat tili deb rasman tan olingan. Bu toʻgʻrida 2004-yilda qabul qilingan “Asosiy Qonun”, yaʼni Afgʻoniston Konstitutsiyasida alohida qayd etilgan. Konstitutsiyaning 1-bobi 4- va 16-moddalarida Afgʻonistonning shimoliy viloyatlaridagi koʻp sonli oʻzbeklar yashaydigan mintaqalarda oʻzbek tili (dariy va pushtu tillari bilan bir qatorda) rasmiy davlat tili sifatida qoʻllanilishi belgilab qoʻyilgan.
Hozirda Afgʻonistonning 9 ta oliy oʻquv yurtlarida oʻzbek tili va adabiyoti oʻqitilmoqda. Bundan tashqari, qator maktablarda oʻzbek tilida taʼlim berilmoqda. Ayrim telekanallar (“Oyna TV”, «Batur TV», “Milliy TV”, «Arzu TV»)da oʻzbek tilida koʻrsatuvlar uzatilmoqda. Gazeta va jurnallar ham oʻz faoliyatini boshladi. Bir qator shoir va yozuvchilar oʻzbek tilida samarali ijod qilmoqda
Termizda afgʻonistonlik yoshlar uchun ochilgan Taʼlim markazini shu vaqtga qadar 100 nafar talaba tugatgan boʻlsa, yana 200ga yaqin yigit va qizlar oʻzbek tili va boshqa mutaxassisliklar boʻyicha tahsil olishmoqda.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, oʻzbek va afgʻon xalqaro oʻrtasidagi munosabatlar uzoq tarixga ega boʻlib, milliy urf-odatlarimiz hamda anʼanalarimiz juda oʻxshash va mushtarakdir.
Mintaqada tashkil topgan Parfiya, Baqtriya, Kushon, Eftalitlar kabi buyuk davlatlar har ikki xalqqa birdek taalluqlidir. Xalqlarimiz birgalikda buyuk madaniyat yaratishgan. 10-asrda buyuk ajdodlarimiz tuzgan Gʻaznaviylar davlatining gullab yashnashiga mintaqadagi boshqa xalqlar kabi oʻzbeklar ham, afgʻonlar ham katta hissa qoʻshishgan.
Bundan tashqari ikki birodar va yondosh-qoʻshni xalqlarni qator buyuk shaxslar merosi, xususan, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Kamoliddin Behzod, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abu Rayhon Beruniy, Boborahim Mashrab singari buyuk ajdodlarimiz bogʻlab turadi.
Men oʻzbek millatiga mansub va 1972-1973-yillarda Afgʻoniston moliya vaziri, 1974-1978 va 1980-1987-yillarda savdo vaziri, 1977-1978-yillarda rejalashtirish vaziri boʻlib ishlagan Muhammad Xan Jalalar, 1969-71 yillarda Afgʻoniston adliya vaziri Abdul Satar Sirat nomini oʻqib cheksiz gʻururlanganman.
Surayyo Dalil xonim esa 2010-2014-yillarda sogʻliqni saqlash vazirligini muvaffaqiyatli boshqardi, keyinchalik Afgʻonistonning BMTning Jenevadagi boʻlinmalariga rahbarlik qildi.
Bu yerdagi oʻzbeklar yetakchisi, bir muddat Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti boʻlib ishlagan Abdurashid Doʻstimga esa yaqinda marshal unvonining berilgani ham har bir millatdoshimiz qalbiga katta mamnunlik yetkazgan edi.
Soʻnggi yillarda ikki xalq oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar yana-da jadal tus oldi va turli sohalarni qamrab oldi.
Biroq Afgʻonistonda ichki nizolarning hali-hanuz davom etayotganligi bu ikki xalq oʻrtasidagi munosabatlar ular xohlagan darajada va salohiyatlariga mos yuqori bosqichlarda quloch yoyishiga toʻsqinlik qilmoqda.
Umid qilamizki, joriy yilning 12-sentyabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida boshlangan afgʻonlararo tinchlik muzokaralari oʻzining ijobiy natijasini beradi, oʻzaro kurashayotgan tomonlar sulh kelishuviga erishadilar va jafokash afgʻon zaminida nihoyat osuda hayot oʻrnatiladi. Zero, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi ikki xalq oʻrtasida keng koʻlamli hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qiladi.
Qodir JOʻRAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Manba: XS.uz

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Izoh qo'shing

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: