Masofaviy o‘qitish an’anaviy o‘qitish o‘rnini bosa oladimi?

Masofaviy o‘qitish an'anaviy o‘qitish o‘rnini bosa oladimi?
Bizni endi Telegramda ham o'qishingiz mumkin. Kanalga obuna bo'lish

Koronavirus dunyo hayotini butunlay o‘zgartirib yubordi. Sohalarda yaqin 10 yillikda sodir bo‘lishi taxmin qilingan voqeliklar amaliy harakatga aylandi.

Tezkor qaror qabul qilish, oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish, «virus»ning yangi ko‘rinishlariga tayyor turish — bularning barchasi insoniyatni shoshirib qo‘ydi. Bunga biz ham guvoh bo‘lyapmiz, kerakli xulosalarga kelyapmiz. Biroq vaziyatdan kelib chiqib tatbiq etilgan tajribalar o‘zini oqlashi shart. Yo‘qsa, nafaqat bugunni, balki ertangi kunni ham boy berishimiz aniq. Ayniqsa, ta’lim tizimida.
Pandemiya sharoitida barcha ta’lim muassasalari vaqtinchalik echim sifatida masofaviy shaklga o‘tdi. Necha yildan beri dunyoning kuchli mingtaligiga kira olmayotgan oliy ta’limimiz kutilmaganda yana bir og‘ir imtihonga duch keldi. Aslida, masofaviy ta’lim bugungi dunyo hayoti uchun yangi tushuncha yoki jarayon emas. Biroq, ochig‘ini aytish kerak, O‘zbekiston uchun hali o‘rganish talab etadigan jabha edi. Boshga tushganini ko‘z ko‘radi, deganlaridek, biz ham amalladik.
Karantin tartibi joriy etilgach, barcha OTMlar masofaviy ta’lim berishga o‘tdi. Vaziyat o‘zgarmasa, yangi o‘quv yili ham masofaviy olib boriladi. Xo‘sh, bu o‘zini qay darajada oqlaydi? Unda ta’lim sifati qay darajada kafolatlanadi? O‘zbekiston masofaviy ta’limida hal etilishi lozim bo‘lgan qanday masalalar bor? Shu kabi savollar bilan Mahalladosh gazetasi muxbiri Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshlig‘i Asliddin ODILOVga murojaat qildi.
Masofaviy ta’lim sifati qoniqarlimi?
— Masofaviy ta’lim an’anaviy ta’limning o‘rnini bosa olmaydi, — deydi A.Odilov. — Biroq bu —zamon talabi. Uni amaliyotga joriy etish, mavjud muammolarni hal etish ustida ishlashimiz shart. Shu maqsadda inspeksiya tomonidan 89 ta oliy ta’lim muassasalarida  amalga oshirilgan masofaviy o‘qitish holati o‘rganildi va sifatiga baho berildi. Masofaviy o‘qitishning tashkil etilganlik darajasi va yaratilgan sharoitlarni aniqlash, talabalar doimiy istiqomat qilayotgan hududlardagi mavjud kamchiliklarni monitoring qilish maqsadida anonim shaklda onlayn so‘rovnomalar o‘tkazildi. Unda Respublika OTMlarida tahsil olayotgan  77 513 nafar talaba qatnashdi.
Muammolar yo‘q emas
Tan olish kerak, masofaviy ta’limni tashkil etishda aksariyat OTMlarda mavjud muammolar suv yuziga qalqib chiqdi. Chunonchi, fanlar xususiyatlari etarlicha inobatga olinmagani, optimallashtirilgan dars jadvallari ishlab chiqilmagani yoki ishlab chiqilsa-da platformaga joylashtirilmagani, tizimda o‘qitishni  amalga oshirish bo‘yicha yo‘riqnoma (uslubiy qo‘llanma, dastur, tartib)larning mavjud emasligi kabilar shular sirasidan.
Shuningdek, masofaviy ta’lim platformalaridan foydalanishda professor-o‘qituvchilar va talabalar faollik darajasining sustligi kuzatildi. Bunga ularda tegishli ko‘nikmalarning etishmasligi, fanlardan laboratoriya mashg‘ulotlarini bajarishni tashkillashtirish bo‘yicha ishlarning rejali asosda olib borilmagani sabab bo‘ldi. Ayrim hududlarda (ayniqsa, chekka hududlarda) internet tezligining pastligi va elektr energiyasi ta’minotining tez-tez uzilishi, muassasalardagi server quvvatining pastligi bois platformalarga yuklangan materiallardan samarali foydalanishda qiyinchiliklar yuzaga keldi.
Ta’lim sifati kimga bog‘liq: o‘qituvchigami yoki talabaga?
Masofaviy o‘qitish jarayonida professor-o‘qituvchilar bilan talabalar o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarning etarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani yana bir og‘riqli nuqtadir. Bunga bir tomondan, aksariyat pedagoglarda masofaviy ta’lim platformasidan foydalanish ko‘nikmalarining etarli darajada  emasligi, ikkinchidan tizimda ishlashni o‘rganishga bo‘lgan befarqlik sabab bo‘lgan. Masalan, onlayn tarzda o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan talabalarning fikricha, 59 foiz — darslarda pedagog tomonidan etarli darajada ma’lumotlar berilmagan. 60 foiz tolib pedagoglar o‘z vaqtida savollariga javob bermayotganini bildirgan. Tabiiyki, bu o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Ta’lim muhiti (talabalarni o‘qitish va faol o‘qitish)
Mazkur jarayonda aksariyat talabalar (80-85 foiz) mobil telefon qurilmalari yoki mobil internet tarmog‘i orqali masofaviy ta’lim platformasidan foydalanishini qayd etgan. Bu, o‘z navbatida, o‘quv jarayoni sifatiga ta’sir etayotgani, ya’ni talabalar tomonidan fan dasturlaridagi mavzularning asosiy mazmunini etarlicha o‘zlashtirishiga halal berayotganini ko‘rsatadi. Demak, professor-o‘qituvchilar o‘qitishni qiziqarli tarzda olib borishi, platformaga yuklanadigan materiallar tushunarli bo‘lishi, video darslarning sifati va mazmuni, beriladigan savollar (testlar) mavzu doirasidan chiqib ketmasligi shart. Masofaviy o‘qitishni sifatli tashkil etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilishi bo‘yicha ko‘pgina OTMlarda Call markazlari faoliyati tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. Ta’lim platformalardan foydalanishda ob’ektiv sabablarga ko‘ra imkoniyati chegaralangan hamda qo‘shni davlatlardagi OTMlardan o‘qishini ko‘chirgan talabalar bilan ishlashda uzilishlar kuzatilgan.
Masofaviy o‘qitishda talabalar bilimini baholashda ayrim pedagoglar fanlarning xususiyatlarini inobatga olmayotgani, ba’zi mavzulardan foydasiz topshiriqlar berilgani va  masofaviy o‘qitish jarayonida talabalar bilimini aniqlash bo‘yicha shaffof tizimning mavjud emasligi jarayonga ikki barobar mas’uliyat bilan yondashish lozimligini ko‘rsatadi.
Nima qilish kerak?
Xo‘sh, vaziyatni o‘nglash mumkinmi? Masofaviy ta’limda ta’lim sifatini oshirish uchun nima qilish lozim?
— Imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Faqat mas’uliyat his etilishi lozim, — deya so‘zida davom etdi boshqarma boshlig‘i. — Masofaviy ta’lim sifatini oshirishda fanlarni an’anaviy va masofaviy o‘qitish usullaridan kelib chiqib optimallashtirish va ularni o‘qitish uslubiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish lozim. Platformaga yuklatiladigan materiallardan foydalanish sifatiga erishish uchun server quvvatini ko‘tarish choralarini ko‘rish kerak. OTMlarda elektron platformadan foydalanayotgan (yoki foydalanmayotgan) talabalar qamrovi bo‘yicha monitoring yuritish tizimini takomillashtirish shart. Yo‘qsa, kimlar mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgani yoki yo‘qligi mavhumligicha qolaveradi. Natijada talabalarning barchasi ta’limga jalb etilmaydi. Bundan tashqari, mustaqil ish, laboratoriya topshiriqlari va kurs ish (loyiha)larining masofaviy o‘qitish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar ishlab chiqish vaqti keldi. Shundagina masofaviy ta’limda yuqori sifat ko‘rsatkichiga erisha olamiz.
Bugungi yangilik hech qancha vaqt o‘tmay eskiradi. Oraliqdagi davrda esa muammolar aniqlanadi, kerakli choralar ko‘riladi. Shu asosda kelajak uchun rejalar tuziladi. Demak, bugun ikkilanish bilan amaliyotga tatbiq etayotganlarimiz vaziyatdan chiqish yoki vaqtdan yutish uchun bo‘lmasligi kerak. Buning uchun esa ta’lim oluvchi ham, beruvchi ham zimmasidagi mas’uliyatni his etishi lozim. Aks holda, ertangi umrimiz bugun boy berilganlar imkoniyatlar tovonini to‘lashga sarflanadi.

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: