Ko’zi ojizlar uchun internet bozorlar haqida batafsil

Ko’zi ojizlar uchun internet bozorlar haqida batafsil
Bizni endi Telegramda ham o'qishingiz mumkin. Kanalga obuna bo'lish

Ko’zi ojiz foydalanuvchilar uchun internet do’konlardan mahsulotlarni qanday qilib onlayn xarid qilish mumkinligi va onlayn do’konlardan to’g’ri foydalanish haqidamaqola.

Ushbu maqola saytimiz foydalanuvchisi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat universitetining II bosqich talabasi Mirali G’iyosov tomonidan yozilgan bo’lib, muallifga ajoyib ma’lumotlari uchun o’z minnatdorchiligimni bildiraman.

Internet bozorlar haqida

Xalqimizda shunday bir maqol bor:

“O’likka mozor kerak, O’zbekka bozor”.

Bu maqol quloqqa anchayin yoqimsiz eshitilsa-da, bozorlarning xalqimiz hayotida naqadar muhim o’rin tutishini ifodalab beruvchi bundan boshqa maqolga duch kelmaganman. Hozirgi rivojlanish jarayonida bozorlar ham keng taraqqiy etib bormoqda. Har bir soha internet va kompyuterlar bilan bog’lanib borayotgan bizning zamonamizda bozorlar ham bundan benasib qolgani yo’q. O’zbekistonda plastic pul tizimi yo’lga qo’yilgandan keyin internet orqali ham pul o’tkazmalarini amalga oshirish imkoniyati paydo bo’lgach, tadbirkorlar ham o’z savdolarini internet orqali tashkil etmoqchi bo’lishdi. Rivojlangan davlatlarda bu jarayon ilgarilab ketgani uchun bizning yurtimizda bunday internet bozorlarni yo’lga qo’yish qiyin bo’lmadi. Hozirgi kunlarda bunday bozorlarning soni ortib bormoqda. Shunday rivojlanishlar pallasida men bazida internetdagi oddiy foydalanuvchilar nazari bilan emas, imkoniyati cheklangan ko’zi ojiz foydalanuvchi sifatida o’zimga savol beraman: “Xo’sh, bunday bozorlar biz ko’zi ojizlarga qanchalik yordam bera oladi? U bozorlar orqali xarit qilish qiyinchilik tug’dirmaydimi?” Ojizona yozganlarimizni o’qib borayotgan o’quvchida ham shunday savollar uyg’onayotgan bo’lsa ajab emas. Bularning bari tabiiy savollar. Keling, miyyamizda tug’ilayotgan bu kabi so’rovlarga birga javob qidiramiz.
Internet bozorlar o’z savdolarini yo’lga qo’yar ekan albatta o’z maxsulotlarini xaridorlarga qulay usulda taqdim etish uchun o’z saytlarini tashkil etishadi. Bunday saytlarga kirar ekansiz o’zingizni bemalol bozorda yurganday his qilishingiz mumkin. Faqat o’z molini o’tkazishni istovchi savdogarlar-u, tortishishni xohlovchi xaridorlar baqir-chaqirlari eshitilmaydi xolos. Saytda ham siz bozordagi kabi rastalarni tanlab olishingiz mumkin bo’ladi. Keyin bemalol tanlagan rastalaringiz bo’yicha aylanib chiqaverasiz. Faqatgina bir iltimos, kamina bu rastalarni bo’limlar, ssilkalar deb yuritishimga qarshi emasmisiz? Tashakkur! Agar biror narsani xarit qilmoqchi bo’lsangiz, uni savatchaga qo’shib qo’yish, keyin to’lov qilish kifoya. Men yuqorida yozilganlarni o’quvchida ozgina bo’lsa ham internet bozor xususida tasavvur hosil qilar degan umiddaman. Albatta bu galgi uchrashuvimiz mobaynida ularga yana batafsil to’xtalib o’tamiz. Maqsad internet bozorlar to’g’risida tasavvurni shakllantirib olish.
Endi biz ko’zi ojiz insonlar uchun qulay jihatlariga o’tsak. Bunday bozorlardan biri endigina paydo bo’lganda menda “buning odamlarga nima zaruriyati bor?”- singari g’alati fikrlar uyg’ongandi. Ammo bir marotaba foydalanib ko’rgach, bu tasavvurim 180 gradusga o’zgarib ketdi. Bunday bozorlar biz singari foydalanuvchilar uchun ham juda qulay. Ma’lumki biz bozorga borar ekanmiz, doimo biror hamrohga muhtoj bo’lamiz. Xo’sh, ana shunday hamroh topilmasa-chi? Bunday holatda internet bozor bizga hamrohlik ham, yukimizni yerda qoldirmaydigan tashuvchilik vazifasini ham a’lo darajada bajara oladi. Bu qulaylikning birgina jihati. Agar qish paytlari ham bozorga zaruriyat tug’ilib qolsa-yu, yog’ingarchilik bunga monelik qilsa, bunday paytlarda oldimizda hamroh bo’lsa ham o’zimizda qandaydir erinchoqlik paydo bo’ladi. Shunda ham biz yana shu internet bozorlardan biriga murojat qilishimiz mumkin. Bunday bozorlarning eng afzallik jihati tanlab buyurtma bergan maxsulotlaringizni o’z vaqtida uyingizga yetkazib berilishi va to’lov sizga qulay bo’lgan usulda naqd yo pplastik karta orqali to’lash bilan qabul qilinishidir. Tanlovlar ham juda kata. Siz o’zingizga kerak bo’lgan istalgan turdagi maxsulotlarni topa olasiz. Narxlar ham oddiy bozorlardagidek. Agar sinchiklab solishtirilsa albatta, bozordagidan ozginagina farqni ko’rish mumkin. Ammo bu farq bizni bozorga borib kelish uchun sarflaydigan vaqtimiz oldida yo’qqa chiqib ketadi.
Kamchiliklar, noqulayliklar ham bor albatta. Ammo bular maxsulotlarning kamligi, yo sifatining yomonligida emas. Bunday internet bozorlarining saytlari biz foydalanadigan gapiruvchi dasturlarimiz uchun biroz murakkab tuzilganligida. Odatda bozor saytlarida harakatlanish ozgina qiyinchilik tug’diradi. Chunki u saytlarda dizayn, ko’rinishga kata urg’u berilgan. Bizning gapiruvci dasturlarimiz esa, hashamdorlik oldida ojizlik qilib qoladi. Saytda bazi ssilkalarni dastur o’qiy olmaslik holatlari bo’lib turadi. Lekin biz bunday muammolar borligiga qaramasdan internet bozorlarni o’rganib chiqishga harakat qilamiz. Bugungi kunda internetda “arba.uz”, “olcha.uz”, “kitobxon.uz” kabi bozorlar yetakchilik qilishmoqda. Ular maxsulotlarning soni va sifati bo’yicha qolgan bozorlarga o’rnak bo’lib kelayapti. Kamina bu saytlarni alohida-alohida ko’rib chiqishni istardim. Chunki saytda barcha bozorlar uchun umumiy, faqat o’z saytlari uchun xususiy bo’lgan jihatlar mavjud. Ya’ni har bir sayt o’ziga xos tarzda ishlaydi va biz foydalanuvchilardan ham shuni talab qiladi. Agarda siz bundan avvalgi uchrashuvlarimizda ham faol qatnashayotgan bo’lsangiz, bozorlarni o’rganib chiqishimiz ossonroq kechadi. Sababi bunday internet bozorlar imkoniyati cheklangan foydalanuvchilardan internet bo’yicha yetarli tajribani, aytish mumkinki maxoratni va sabrni talab qiladi. Biz esa avvalgi suhbatlarimizda internetdan qay tarzda foydalanishni imkon darajasida ko’rib chiqqandik. Endi bozor saytlarini birma-bir ko’rib chiqsak. Ularda qay tarzda harakatlanish mumkin? Maxsulotlarni tanlab ham olarmiz, ular qanday qilib bizga yetkazib berishadi? Buyurtma qanday qilib beriladi? Kamina shu va shu kabi savollarga javob berishga urunib ko’raman. Internet bozorlarni o’rganar ekanmiz men murakkabdan ossonga yo’nalishi bilan o’rganishni maqbul deb hisoblayman.

“arba.uz” internet bozori

Bunday bozorlar ichida xaridorlarining ko’pligi, maxsulotlar tanlovi ham kattaligi bilan ajralib turuvchi saytlardan biri arba.uz hisoblanadi. Uning qulayliklarini yana shular bilan izohlash mumkinki, bu bozor texnika mollarini xaridorlarga kreditga ham beradi. Faqatgina Toshkent shahri uchun emas, butun O’zbekiston bo’ylab xizmat ko’rsata oladi. Chunki bu bozor o’z maxsulot omborlarini deyarli butun O’zbekiston bo’ylab tashkil etib olgan. Qolgan bozorlarning kamchiligi esa aynan shunda. Ular yo birgina Toshkent uchun, yo bir nechta shahargagina xizmat ko’rsata olishadi. Qolgan qulayliklarini esa, saytga kirib o’rganamiz. Ha, aytgancha, internet bozorlaridan foydalanar ekansiz, birinchi o’rinda o’z electron manzilingizni yaratib oling. Elektron manzilsiz foydalanuvchi internet ummonida kompassiz sayyohday hech narsa qila olmaydi. Qisqasi internet uchun o’z electron manzili yo’q foydalanuvchi hech kim…
Saytga kirish uchun o’zimizga qulay bo’lgan brouzerni ochib “arba.uz” nomini kiritamiz va bir ozdan keyin biz bozorda paydo bo’lamiz. Saytni o’rganish jarayonida men O’zbek tilini tanlash ssilkasiga duch kelmadim. Balki buni endi kiritishar. Shuning uchun saytni rus tilida ko’rib chiqishimizga to’g’ri keladi. Dastlab saytga kirishimiz bilan ro’yxatdan o’tishimizga to’g’ri keladi. Buning uchun “Регистрация” ssilkasiga bosish kifoya. Keyin telefon raqamingizni raqam kiritilishi kerak bo’lgan maydonchaga kiritasiz va sayt tomonidan raqamingizga kelgan sms kodni kod kiritilishi kerak bo’lgan maydonchaga kiritasiz. Yana ismingiz shu kabi ma’lumotlarni kiritish maydonchalari ham mavjud. Tabiiyki ularni ham to’ldirib, ro’yxatdan o’tish tug’machasini bosamiz va siz ro’yxatdan o’tdingiz. Bu saytga o’z xaridorlari haqida ma’lumot olish imkoniyatini beradi. Endi bemalol bozor rastalarini aylanib chiqishimiz mumkin. Saytda maxsulotlar turlarga ko’ra bo’limlarga ajratilgan, Oziq-ovqatlar, mobil olam, mebillar, texnika, kiyimlar, bolalar uchun, gullar singari. Bu bo’limlar o’z ichida yana bir qancha bo’limlarga ajraladi. Agar biz oziq-ovqat maxsulotlarini xarit qilishimiz kerak bo’lsa, demak o’zimizga kerak bo’lgan bo’limni topamiz. Bu bo’lim ham yana bir qanchasiga ajraladi. Shakar, bolalar ovqati, sabzavodlar, to’rtlar vahokazo. Biz u bo’limlardan keragini tanlab maxsulotlar tanloviga yetib kelganimizda, har bir maxsulot rasmlari bilan, tagiga narxi yozilganini ko’rishimiz mumkin. Bizning gapiruvchi dasturlarimiz bu narxlarni bemalol o’qiy oladi. Maxsulot ostida u haqidagi ma’lumotlarni ham o’qishimiz mumkin va har birining tagida “В корзину”, savatchaga qo’shish ssilkasi mavjud. Oddiy bozorda savatchangizning to’lishi uning kata kichikligiga bog’liq bo’lsa, internet bozorda hamyoningizdagi pulning kam yo ko’pligiga bog’liq. Istaganingizcha maxsulotlarni savatchaga qo’shishingiz mumkin. Agar sizda internet bo’yicha yetarli tajriba bo’lsa, siz saytda harakatlanishda qiyinchilik sezmaysiz. Maxsulotlarni tanlab bo’lganingizdan keyin sayt boshiga qaytasiz. Saytda ssilkalar bo’yicha harakatlanish orqali siz tanlagan maxsulotlaringiz soni va “Перейти в корзину” savatchaga kirish ssilkasiga duch kelasiz. Agar buyurtma qilishni istar ekanmiz, shu ssilkaga kiramiz. Bu yerda bizga savatchaga qo’shgan barcha maxsulotlarimiz ko’rinib turadi. Gapiruvchi dasturimiz orqali uni bemalol ko’rib chiqsak, yoqmaganini savatchadan olib tashlasak ham bo’ladi. Maxsulotlar buyurtmaga tayyor bo’lgach, “ОФОРМИТЬ ЗАКАЗ”- buyurtma berish tugmachasini bosamiz va buyurtmani to’ldirish sahifasi ochiladi. Bu yerda maxsulotlarni jo’natish uchun xaridordan shaxsiy ma’lumotlar so’raladi. Men faqat shu saytdagi maydonlarni ketma-ketlikda yozib o’tishni lozim deb bilaman. Qolgan saytlarda ham deyarli huddi shunday. Demak, to’ldirilishi kerak bo’lgan maydonchalar:

“Имя и Фамилия”- ism sharifingiz:

“Название адреса”- manzil nomi:

“Регион”- bu yerda shahar tanlanadi:

“Район”- tuman:

“Почтовый индекс”- pochta indeksi: “Agar buni bilmasangiz, muhim emas. Lekin kiritib ko’yish foydadan holi bo’lmaydi”.

“Улица”- Ko’changiz:

“Номер дома”- uy raqami:

“Номер подъезда”- – подъезд raqami:

“Этаж”- nechinchi qavat:

“Номер квартиры”- xonadon raqami:

“Email”- pochta manzilingiz:

Shu maydonchalar to’ldirilgach, “Продолжить”- davom etish tugmachasi bosiladi va buyurtma tasdiqlanadi. Bozor hodimlaridan biri biro z o’tgach sizga telefon qiladi. To’lov sizga buyurtmangiz yetkazib berilgandan keyingina qabul qilinadi. Uni istalgan usulda to’lashingiz mumkin. Maxsulotlarni yetkazib beruvchi shaxs raqami sizga taqdim etiladi.
Endi osson yo’lini ham ko’rib chiqsak, agarda siz internetsiz ham shu bozordan xarit qilmoqchi bo’lsangiz, unda 78 kodi bilan 120-88-88 raqamiga qo’ng’iroq qilasiz va operator orqali maxsulotlarni tanlashingiz mumkin. Operator sizning o’rningizga buyurtmangizni to’ldirib beradi. Albatta sizning yordamingiz bilan.

“olcha.uz” internet bozori

Internetdagi bu bozor o’zining texnika, kompyuter, telefon singari maxsulotlari bilan tanilgan. Bu bozorda faqatgina texnika va mobil olamga tegishli maxsulotlar keng tanlovda taqdim etiladi. Sayt biz harakatlana olishimiz uchun ham juda qulay. Bunda ham yuqorida ko’rsatilgan tartibda brouzer maydonchasiga “olcha.uz” nomi kiritiladi va siz bozordasiz. Bu yerda til tanlash imkoni mavjud bo’lib, uni kirishingiz bilan darrov topa olasiz. Biz O’zbek tilini tanlab olamiz. Har doimgidek bu saytdan ham ro’yxatdan o’tib olinadi. Buning uchun cabinet bo’limiga kirib, ro’yxatdan o’tish ssilkasiga bosamiz va o’zimizdan so’ralayotgan ma’lumotlarni kiritamiz. Ro’yxatdan o’tish mobaynida electron manzil ham talab qilinadi. Ushbu jarayon yakunlanganidan keyin maxsulotlarni tanlab olsak bo’ladi. Maxsulotlar bo’limlarga ajratilgan. Telefonlar, kompyuterlar, modemlar vahokazo. Keling biz o’zimizga kompyuter xarid qilib ko’ramiz. Buning uchun Ноутбуклар bo’limiga kirish yetarli. Sayt bizga turli rusumli Ноутбукларni taqdim etadi. Har bir maxsulot ostiga u haqdagi ma’lumotlar, narxi va savatchaga joylash ssilkasi mavjud. Men tanlagan kompyuter bahosi 6800000 ekan va biz buni savatchaga joylaymiz. Endi sayt boshiga qaytilsa, savatcha oldida bir raqamini ham ko’ramiz. Demak savatda nimadir bor. Ichiga kirilganda tanlagan kompyuterimizni ko’ramiz. Endi faqat buyurtma berishgina qoldi. Buning uchun buyurtmani rasmiylashtirish ssilkasiga bosamiz va sayt bizni buyurtma berish sahifasiga yetaklab boradi. Bu yerda o’zimizdan so’ralgan ma’lumotlarni kiritib o’tishimiz talab etiladi. Bu sayt ham butun o’zbekiston bo’ylab buyurtmalarni yetkazib bera oladi. Ma’lumotlarni kiritib bolgach, buyurtma berish tugmasi bosiladi. Maxsulot egasi biz bilan bog’lanadi va xaridimiz ko’rsatilgan manzilga yetkazib beriladi. To’lov esa, biz istagan usulda qabul qilinadi.

“kitobxon.com” internet do’koni

Yuqorida yetakchi bozorlar ro’yxatida shu saytni ham kiritib o’tgandik. Bu o’quvchida “kitoblarni ham internet orqali olish mumkinmi?”- kabi savollarni uyg’otgan bo’lsa kerak. Ha, bu sayt faqatgina kitoblarni sotishga ixtisoslashgan deyishimiz mumkin. Bu do’kondan nafaqat qog’ozli kitoblarni, balki pdf formatidagi electron kitoblarni ham sotib olish mumkin. Sayt harakatlanish uchun juda qulay. Buyurtma qilgan kitobingiz sizga pochta orqali yetkazib beriladi. Shuning uchun bu saytda pochta indeksingizni bilishingiz lozim bo’ladi.
Demak, brouzerni ochib, “kitobxon.com” sayt nomini kiritamiz. Sayt O’zbek tilida ochiladi. Dastlab ro’yxatdan o’tib olishimiz kerak bo’ladi. Buning uchun ro’yxatdan o’tish ssilkasiga kirib so’ralgan ma’lumotlarni kiritamiz va electron manzilimizga saytga kirish uchun login va parol jo’natiladi. Ro’yxatdan o’tib bo’lganimizdan keyin kitob tanlasak bo’laveradi. Faqat bir jihatiga e’tibor qilib o’tmoq zarur. Bu saytdan ro’yxatdan o’tsangiz sizga hisob raqam ham beriladi. Kitoblarni sotib olishdan oldin ana shu hisobraqamingizni ma’lum miqdorda to’ldirib olishingiz kerak. U plastic kartalar orqali, yo paynet xizmatlaridan foydalanish bilan amalga oshiriladi.
Kitoblarni mualliflar, kitob nomlari, janor, yili, nashri, narxi bo’yicha tanlab ko’rishingiz mumkin. Agar siz qog’ozli kitob sotib olmoqchi bo’lsangiz unda qog’ozli kitoblar ssilkasiga bosasiz va kitoblarni tanlaysiz. Har bir kitob ssilkasi ostida uning muallifi, narxi, janori ko’rsatiladi. Batafsil ssilkasiga kirsangiz esa, kitob yozuvi, tili, nechchi bet ekanligi yozilgan bo’ladi. Aynan shu yerda savatchaga qo’shish ssilkasi mavjud. Biror kitobni tanlab uni savatchaga qo’shganingizdan keyin, cabinet bo’limiga kirasiz va o’z savatingizda tanlagan kitobingizni ko’rasiz. Buyurtma berish uchun o’sha kitob ustiga bosiladi. Buyurtmani to’ldirish sahifasida siz yana so’ralgan ma’lumotlarni kiritasiz. Sayt umumiy to’lov narxini sizga taqdim etadi. Agarda siz o’z hisob raqamingizni to’ldirgan bo’lsangiz, sizdan pul yechib olinadi va kitob sizga pochta orqali yetkazib beriladi.

Mana, internet bozorlari haqidagi suhbatimiz uzundan-uzun bo’lsa-da, o’z yakunini topmoqda. Aziz suhbatdoshim, sizga bu suhbatda aytilganlari juda murakkab tuyilishi mumkin. Ammo aslida unday emas. Ularning barini siz ham bajara olasiz. Men sizning qobiliyatingiz va istedodingizga ishonmaganimda bunday deb yozib turmagan bo’lardim. Har doim takrorlayverib joningizga ham tegib ketgan so’zimni yana qaytarishga majburman zero bu rivojlanish qonuniyati hisoblanadi. Harakat, tajriba, istak, intilish va kata natija. Ishonavering hech qanday harakat natijasiz qolmaydi. Sizga maroqli xaridlar tilab qolaman!

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: