Kitob haqida she’rlar to‘plami

Kitob haqida she’rlar to‘plami
Вы также можете подписаться на нас по телеграмме Подпишитесь на канал

Kitob va kitob o’qish haqida yozilgan eng sara she’rlarni qabul qiling.

KITOB O‘QIGAN BOLA — Po‘lat Mo‘min

O‘rganar avval odob

Kitob o‘qigan bola.

Yuzi bo‘ladi oftob

Kitob o‘qigan bola.

Hurmat qilar kattani,

Kichiklar jon-u tani,

Bajaradi va’dani —

Kitob o‘qigan bola.

Suhbati xo‘p serma’no,

Yurish-turishi a’lo.

Olar faqat “besh” baho

Kitob o‘qigan bola.

 

KITOB — Sodiqjon Inoyatov

Bolalarga kitob bering –

Degan chorlov yangrab qoldi.

Ma’rifatli yuraklar bu

Hikmat ruhin anglab oldi.

O‘yinchoqning o‘rni bo‘lak,

Liboslar eskirar bir kun.

Kitoblar ilm-u ziyoni

Asrar bag‘rida bus-butun.

Besh tashabbus qanotida

Sezib zamon shitobini,

Sovg‘a qiling farzandlarga

Yaxshi ko‘rgan kitobini.

Shunda ular ko‘ngli osmon,

Yarayin deb el koriga.

Shon-shuhratlar olib kelar

Unib-o‘sgan diyoriga.

 

OʻQISH KITOBI — Shohistaxon ahmadaliyeva

Ifodali oʻqish ziynatdir,

Oʻquvchiga goʻzal xislatdir.

Oʻqish kimga kelmasa malol,

Ilm sirin ochar bemalol.

Biz oʻqigan sheʼr-u ertaklar,

Ezgulikka doim yetaklar.

Maqollarda bor olam maʼno,

Biz oʻqiymiz doimo aʼlo.

Oʻquvchining mudom hamrohi,

Bu sevimli “Oʻqish kitobi”.

 

KITOBGA DOʻST BOʻLAMAN — Zuhra Roʻziyeva

Muqaddasdir tuprogʻim,

Muhabbati koʻprogʻim.

Yashnasin hurlik ichra,

Gulshanim, chaman bogʻim.

Yangrasa mumtoz bayot,

Jilmayib boqar hayot.

Sirlari koʻp olamda

Har kunim bir kashfiyot.

Oshi halol elim bor,

Oftobjamol feʼlim bor,

Bulbullar makon topgan

Yuragim xuddi bahor.

Vatan chorlasa shayman,

Tinchligin asragayman.

Mard boʻlib maydon tushgan,

Alpomishga oʻxshayman.

Odobga doʻst boʻlarman,

Oftobga doʻst boʻlarman,

Bobolarim singari

Kitobga doʻst boʻlarman.

 

KITOB – KUCH — Nabijon Ermat

Kitob sevgan insonga

Kitob erur xazina.

Kitob oʻqimaganlar

Oʻzidan qilsin gina.

Kitobsiz uy zim-ziyo,

Yoʻqdir tuynuk, eshigi.

Zulmat uni qurshaydi,

Allalamas beshigi.

Kuch boʻlsa – kuch topilar

Pashshada ham, baliqda.

Savodsizlik shiori

Hammaga bir qullikda.

Kitobga oshno boʻlgan

Farqlar yaxshi-yomonni,

Aql bilan ish koʻrar,

Bekor qiynamas jonni.

Shuning uchun oʻquvchim,

Kitob bilan oshno boʻl,

Zukkolik ulugʻ qurol,

Seni kutar yorqin yoʻl.

Jajjigina qalbingdan

Joy topgin kitobga ham.

Eʼzoz qilgin non kabi –

Ulgʻayasan, boʻlmay kam.

Bobolardan meros u,

Kitob katta kuch bilsang.

Ilmga yetaklaydi,

U bilan doʻst tutinsang.

 

KITOBNI DO‘ST BILGANLAR — Zamira Ro‘ziyeva

O‘zligin anglay bilar,

Kitobni do‘st bilganlar.

Baxt yo‘lin tanlay bilar,

Kitobni do‘st bilganlar.

Ko‘zga surtar tuprog‘in,

Suyar gul-u yaprog‘in,

Qovjiratmas chorbog‘in

Kitobni do‘st bilganlar.

Ona tilim manim, der,

Sha’ni yuksalganim, der,

Pastlatsa kim – g‘anim, der,

Kitobni do‘st bilganlar.

Gurunglarda gulnafas,

Yashnarbog‘dan kelgan sas,

E’tiqodi adashmas

Kitobni do‘st bilganlar.

Oshin yemas minnatning,

Zalolatning, illatning,

Faxri bo‘lar millatning,

Kitobni do‘st bilganlar.

Asqotar yurt, eliga,

Qalqon do‘l-u seliga,

Mardlik xosdir fe’liga,

Kitobni do‘st bilganlar.

Gumroh dunyo unga yot,

Har kuni bir kashfiyot,

Fozillarga zurriyot,

Kitobni do‘st bilganlar.

Gard yuqmagan sahardir,

Ummon ichra gavhardir,

Asl vatanparvardir,

Kitobni do‘st bilganlar.

 

KITOB – SODIQ DO‘ST ERUR — Zikrilla Ne’mat

Kitobni seving

Butun borliq tabiat

Sevgan kabi oftobni,

Bolajonlar, sizlar ham

Seving aziz kitobni.

Kitob – sodiq do‘st erur,

Xoh kunduz, xoh tundadir.

Bor sir-u asrorlarning

Yechimi ham undadir.

Kitob bois qalbingiz

Oy-yulduzdek porlagay.

U sizni ezguliklar

Dunyosiga chorlagay.

Yaxshi ertak, hikoya,

Go‘zal she’r-u dostonlar.

Ko‘nglingizni yayratar

Etib bog‘-u bo‘stonlar.

Kimki kitob o‘qish-la

O‘tkazadi vaqtini.

Hayotda u albatta,

Topgaydir o‘z baxtini.

Kitob do‘st erur mudom

Butun insoniyatga.

Uni sevib sizlar ham

Yeting orzu-niyatga!

 

KITOB O‘QIMAS BOLA — Zahro HASANOVA

Kitob o‘qimas bola

Ko‘rdi qo‘rqinchli bir tush.

Kitoblari do‘q qilar,

Qo‘llari tugilgan musht.

Der, bizni unutgansan,

Har yonga irg‘itgansan.

Senga telefon bo‘lsa,

Tinmayin ishlab tursa.

Vaqtning qadriga yetgan,

Bolalarni topamiz.

Ular bilan do‘stlashib,

Fikrini uyg‘otamiz.

Holimiz bo‘ldi xarob,

Endi ketamiz qochib,

Bor xazinamiz bilan

Yaxshilikka yo‘l ochib.

Boshqa kitoblar uning

Gapiga qo‘shilishdi.

Yalqov, tanbal boladan

Juda xafa bo‘lishdi.

So‘ngra tushdilar yo‘lga,

Qo‘llarni berib qo‘lga.

Qaramay orqasiga,

Yirtiq muqovasiga.

Shu payt o‘qimas bola

Uyg‘onib ketdi cho‘chib.

Kitoblarning barini

Dedi avaylab, quchib:

– Mendan xafa bo‘lmanglar,

Tashlab ketmang, iltimos.

Tekislab, yelimlayman,

Imkon beringlar biroz.

Telefonimdan faqat

Foydalanay zarur payt.

Kompyuter, televizorga

Kitobdan keyin navbat.

Ularni silab-siypab,

Javoniga taxladi.

Doimo do‘st bo‘lmoqqa

Chin yurakdan ahdladi.

 

KITOB OLIB KELSANGIZ — Rauf Subhon

Kichkintoyman, kichkina,

Menda yo‘qdir kek, gina.

Bizni bilmay ko‘p ona:

“Tarbiyasiz”, der yana.

Tarbiyamiz buzilmas,

Ko‘nglimizni bilsangiz.

“Ma, xo‘rozqand!” demasdan

Kitob olib kelsangiz!..

 

BO‘LADI ENG YAXSHI DO‘ST KITOB — Jabbor Xalil

Kitob

Odamlar qalbiga nur sochar,

Ma’noli yozilgan zo‘r kitob.

O‘qisang gar sevib sen uni,

Bo‘ladi eng yaxshi do‘st kitob.

Sizga deydi bobongiz Jabbor,

Oltin davring o‘tkazma bekor.

Kitob o‘qib, chaq uning mag‘zin,

Bilimli bo‘l, och aql ko‘zin.

 

O‘QI, BOLAM, KITOBING — Oygul Ubaydullo

O‘qi, bolam, kitobing ezgulikka boshlaydi,

O‘qisang, qattiq ko‘ngling, bolam, biram yumshaydi,

Bog‘laring, chamanlaring gul ochadi, yashnaydi,

Hayot nomli laylaklar yuragingda qishlaydi,

Avlodlaring, Vataning, bolam, mangu yashaydi,

Kir libosin egnidan dunyo yechib tashlaydi,

Vatansizlar, xoinlar, albat, labin tishlaydi,

Tinchlikni ko‘rolmaslar oxir boshin qashlaydi.

Bilimdonlar tafakkur chirog‘ini yoqadi,

Kelajakning qo‘llari eshigingni qoqadi,

Osmoningda oy, yulduz jilmayadi, boqadi,

Kitobingdan yaxshilik ziyo bo‘lib balqadi,

Qalb atalmish daryoda sohir hislar oqadi,

Dilginang chashmasida mehr suvdek qalqadi,

Ilmsizlik odamni ilondayin chaqadi,

Ko‘zlaringga javdirab dunyo hayron boqadi.

O‘qi, bolam, o‘qisang, yo‘llaring bo‘lgay ravon,

To‘solmaydi yo‘lingni uchragan turli dovon,

Obod, ozod diyorda surasan davr-u davron,

Dilingni zabt etolmas hasad, shubha-yu gumon,

O‘qiganni Yaratgan, albat, qo‘llaydi, ishon,

Turli balo-qazodan hur bo‘lasan, ham omon,

Dilginang osmonida charaqlar oydek vijdon,

Vataningga, farzandim, gul davron keldi, ishon.

 

KITOBSEVAR — Abdurahmon Akbar

– Televizor oldida

Hecham ko‘rmadim seni.

Qo‘lingdan kitob tushmay

Lol qoldiryapsan meni.

– Maqtanchoqlikka yo‘yma,

Bu gaplarimni sira.

Kitob varaqlamasam

Ko‘nglim tortadi xira.

Televizor ko‘rmayman,

Desam bo‘ladi yolg‘on.

Bolalarbop dasturlar

Bizga zarur har qachon.

Biroq, rostini aytsam,

Kitobga, ortiq mehrim.

Diqqatimni tortadi

Adabiyotning sehri.

Tiriklik mo‘jizasin

Kitobda, deb bilmayman.

Kitob o‘qish baxtini

Men barchaga tilayman.

…O‘tayotgan har kunim

Kinoga o‘xshar go‘yo.

Do‘stim, bilsang, men uchun

Kitobning o‘zi kino.

 

TINCH O‘LKAGA KITOB YARASHAR — Z. Hasanova

Yer yuzining qaysi burjida

Kimlar nega, qandayin yashar?

Tinch-xotirjam o‘lkaga qarang,

Kitob bayramlari yarashar.

Bir-biridan qiziq kitoblar,

Qalin-yupqa tuzuk kitoblar,

Kecha, bugun – tarixim unda,

Varaqlayman, barisi shunda.

Savol keldi menga nogahon,

“Yashar edim kitobsiz, qanday?”

Cho‘chib tushdim bu o‘ydan hatto,

Ko‘zimga tor tuyuldi dunyo.

Birdan quyosh yo‘qolib qoldi,

Osmon oysiz tund bo‘lib oldi.

Zimistonga aylandi hayot,

Yo‘llarimni yo‘qotdim, nahot!

Ha, kitobsiz ma’ni yo‘q bunda,

O‘qib dilim yayraydi kunda,

Kitoblarning bahosi tengsiz,

O‘qing, boyib ketasiz cheksiz.

 

KITOB — Obid Rasul

Kitob

Darslik kitob qo’lingda,

Berilgandir u senga.

Yirtmay ko‘zday asrasang,

Kerak ukang Erkinga.

Erkin ham but yuritsa,

Muallim xursand bo‘lar.

Kitobga mehri ko‘pni

Sinfdoshlar xush ko‘rar.

Kitobing qoldan qolga,

O‘tib borsa top-toza.

Undan ko‘plar shodlanib,

Olishadi andoza.

Kitob bilim manbayi,

Bu barchaga ayon — haq.

Kitob o‘qib yashasang,

Umring o‘tar xushchaqchaq.

 

 

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
BAXTIYOR.UZ
Комментарии: 3
  1. Muslima

    :idea: :roll:

  2. Charos

    uncha

  3. botirov

    :cry: :?: :!:

Добавить комментарий

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: