Kattalar bizga o’rnak! (11-sinf o’quvchisining murojaati)

Kattalar bizga o’rnak! (11-sinf o’quvchisining murojaati)
Bizni endi Telegramda ham o'qishingiz mumkin. Kanalga obuna bo'lish

Assalomu alaykum, aziz ustozlar,Mehribon ota-onalar!

O’zbekistondek jannatmakon yurtning farzandi bo’lish, keng sharoitlar yaratilgan maktablarda tahsil olish, yorqin va nurafshon kelajak sari qadam tashlashning o’zi aslida katta baxt. Biz o’quvchilar esa ana shunday baxtli, omadi chopgan, boshqa davlatlardagi tengdoshlarimiz xavas nigohida qaraydigan yoshlarmiz. Hech qanday iddaosiz, baxtlimiz, deb ayta olamiz. Biroq, ana shu baxtimizni yanada butun va mukammal qilish maqsadida mehribon ota-onalarimizga, jonkuyar ustozlarimizga nisbatan yuragimizdan aytmoqchi bo’lgan so’zlarimiz bor. Aziz ota-onalar! Biz hamisha sizni yaxshi ko’ramiz, qadrlaymiz. Bizni hech qaysi sinfdoshimizdan, do’stimizdan kam qilmaslik uchun tinim bilmay harakat qilasiz. Goho bizni shirin uyquga ketqizib, o’zingiz tunlari bilan ter to’kib, mehnat qilasiz. Yaxshi kiyintirishga, yeb-ichirishga bor e’tiboringizni qaratasiz. Lekin, biz uchun birinchi navbatda zamonaviy kiyimlar yoki shirin ovqatlar emas, balki sizning mehringiz, borligingizning o’zi muhim. Otalar! Siz o’g’il-qizlaringiz uchun eng obro’li, eng mukammal insonsiz. Oilamizni, ro’zg’orimizni tebratish sizning qo’lingizda. Garchi, biz “ro’zg’or” degan tushunchani hali to’laligicha anglamasak-da, oila boshi bo’lish qanchalik murakkab ekanligini bilamiz. Ammo, bo’sh vaqt topdingiz deguncha, televizordan futbol ko’rishingiz, ishdan kelishingiz bilan dam olish uchun yotoqxonaga kirib ketishingiz qalbimizni ranjitadi. Axir nahotki, bir televizorchalik qadrimiz bo’lmasa deb o’ylaymiz-u, ammo sizdan xafa bo’lmaymiz. Sababi, ota-onasidan xafa bo’lish faqatgina aqlsiz farzandlarning ishi ekanligini bilamiz. Onalar! SHubhasiz dunyodagi eng mehribonimiz o’zingiz hisoblanasiz. Hayot maktabining mehr-muhabbat, yaxshi ko’rish, ardoqlash, asrash, avaylash, farzandni sevish singari “fanlaridan” sizga teng keladigan “professorlar” yo’q. Muqaddas poyingiz oldida hamisha ta’zimdamiz. Siz agarda telefonda soatlab suhbat qurishga, qarindosh, qo’shnilar bilan birga bo’lishga sarflagan vaqtingizni biz uchun ajratib, birga kitob o’qisangiz edi, eng yuqori natijalarga so’zsiz erishar edik. Meni bir o’y hamisha qiynaydi. Ba’zi tengdoshlarimning ota-onalarini o’zlari kitob o’qimay farzandidan o’qishni, o’qimishli bo’lishni talab qiladi. Bu esa o’rnak bo’lish tugul, to’g’ri yo’l ko’rsatishning ham xato uslubidir. Balog’at yoshidagi farzandlarga, ya’ni bizga urishish, qo’pol muomala bilan intizomga chaqirish, kattalarning o’zlari amal qilmaydigan tartibni talab qilishi umuman yoqmaydi. Ota-onalar, ustozlar, kattalarning hammasi biz bilan do’stona munosabatda bo’lsa, bu davrdan hech qanday muammosiz o’tib olamiz. Hurmatli kattalar! Balog’at yoshimizdagi davrda sizdan yetarlicha e’tibor topmasak, mehrni o’zgalardan, begonalardan qidira boshlaymiz. Bu esa, turli muammolarga olib kelishi tabiiy hol. Sababi, begona inson hech qachon biror bir manfaatsiz, biz uchun mehr ko’rsatmaydi. Buni anglab yetganimizga qadar esa, kech bo’lishi mumkin. O’z yaqinlarimizning, ustozlarimizning mehriga hech kimning mehri teng kela olmaydi. Faqat ana shu mehr o’z vaqtida berilsa oltindan ham qimmat qiymatga erishadi. O’smirlik davrida bizga qaysidir tengdoshimizni o’rnak qilib ko’rsatilishi, to’g’rirog’i noto’g’ri o’rnak qilinishi sira yoqmaydi. Ibratli, intizomli tengdishimizning nomini aytmasangiz ham o’zimiz ko’rib, eshitib xulosa chiqarishga ulguramiz. Agar doimiy ravishda bizga kimnidir o’rnak qilib, “SHu tengdoshingga o’xshasang bo’lmaydimi?”, degan savolni berishdan to’xtamasangiz ana shu o’rnak qilib ko’rsatilgan bola bilan bizning o’rtamizda salbiy munosabatlar kelib chiqishiga zamin yaratgan bo’lasiz. Har bir ota-ona va o’qituvchi kimnidir o’rnak qilib ko’rsatishning o’z yo’lini, o’z uslubini topishi kerak. Misol uchun, “Ana shu tengdoshing yaxshi natijalarga erishibdi. Ammo sen undan ham kuchlisan, biroz harakat qilsang, albatta undan o’zib ketasan”, deb aytib ko’ringchi, natijasiga keyinchalik o’zingiz guvoh bo’lasiz. Kattalar biz kichiklarga o’z vaqtida ishonishi, qo’llab-quvvatlashi lozim. Fikrimizcha, o’z vaqtida berilgan tarbiya eng samarali, o’z vaqtida qilingan nasihat eng ma’noli, o’z vaqtida bildirilgan ishonch eng mukammal, o’z vaqtida qilingan qaror esa eng to’g’ri bo’lib chiqadi. SHuning bilan birgalikda ota-onalarimiz oilada bizning ham o’rnimiz bor ekanligini unutib qo’yishmasa maqsadga muvofiq bo’ladi. Ayniqsa, mavzu biz haqimizda ketsa-yu, xabarimiz bo’lmasa, o’zimizni oilada keraksiz buyumdek his qilamiz. Bunday vaziyat bo’lsa, albatta e’tiborni tashqi muhitdan izlaymiz. O’smirlik davrida bizda jizzakilik, ko’proq yolg’iz qolishga moyillik, izzattalablik, qo’pol muomala, sal narsaga ham tez jahl chiqishi kabi salbiy holatlar kuzatilishi mumkin. Mana shunday vaziyatda o’zimizni yolg’iz qolishni xohlayotgandek tutsak ham, aslida juda e’tiborga muxtoj bo’lib qolamiz. O’zimizning illatlarimiz bor ekanligini his etamiz-u ammo ularni qanday bartaraf qilishni bilmaymiz. Bu davrda esa, e’tibor markazida biz bo’lib, otamiz yoki onamiz sirdoshimizga aylansa, ustozlarimiz xushmuomalalik bilan dilimizda nimalar kechayotganini tushunsa illatlarga qarshi o’zimiz kurashib, yengib chiqadigan darajada kuchga erishamiz. Dunyodagi barcha inson e’tiborni, e’tirofni yaxshi ko’radi. Bu yaxshi ko’rish esa o’quvchilik davrida kuchliroq darajada bo’ladi. Ustozlarimiz sinfda dars o’tish mobaynida hammani teng ko’rishi, eng asosiysi e’tiborni teng taqsimlamog’i kerak. A’lochilar oldinda o’tirib mavzuni tinglasin, ikkichilar orqa tarafda darsga xalaqit berishmasa bo’lgani, qabilida dars o’tilsa bunday nomiga ta’lim beriladigan maktablar mamlakatga, dars jarayonlari esa ta’lim sohasiga dog’ tushiradi. Bunday dog’lar esa qachonki, o’qituvchi va o’quvchi o’rtasidagi munosabatlar namunali darajaga yetsagina “tozalanishi” mumkin. Afsuski, bugungi kunda o’quvchi-yoshlar o’rtasida jinoyatchilik, o’z joniga qasd qilish, erta homilador bo’lish, bezorilik kabi O’ZBEKISTON O’QUVCHILARIGA yarashmaydigan holatlar uchrab turibdi. Bu kabi illatlarning hammasi oiladagi, mahalla, ko’cha-ko’ydagi, maktabdagi e’tiborsizliklarning mahsuli hisoblanadi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, shoir Eshqobil SHukur aytgandek, “Bugun bobo-momolar ham o’zgarib ketdi”. Bir bolaga yetti mahallaning ota-ona ekanligi esa “maqoldagi cho’pchakka” o’xshab qoldi. Ba’zida kattalar o’z nasihatlarini nahotki bizdan qizg’anishsa, deb o’ylab qolaman. Axir, ko’chadagi qo’shni xolalar tengdoshlarimizni g’iybat qilish o’rniga bizga xatoyimizni aytib, to’g’ri yo’l ko’rsatishsa bo’lmaydimi? Fan o’qituvchilari yuqoridan tekshirish keladigan kundan ikki kun oldin tayyorgarlikni boshlab, senariy yodlaguncha, tekshiruvchilar tashrif buyurganida esa, video va multimedia orqali dars o’tguncha har doim o’z fanlarini ana shunday tashkil etishsa bo’lmaydimi? Ota-onalar yig’ilishida mehribonlarimiz biz uchun, bizning ta’lim, tarbiyamiz uchun ishlaridan bir soatga bo’lsa ham javob olib ishtirok etishsa bo’lmaydimi? Mahalla raislarimiz bayonnomalariga ilova tarzida rasm xavola etish vaqtidagina maktabimizga kelmasdan, ikki haftada bir marotaba tarbiyaviy soat darslarini o’zlari o’tishsa bo’lmaydimi? Bo’ladi, albatta. Faqat buning uchun tashabbus va harakat lozim. To’g’ri, yuqoridagi savollar hamma maktablar, hamma o’quvchilar, hamma o’qituvchilar, hamma kattalar uchun ham tegishli emas. Ammo yurtimiz bo’ylab shu savollarga tegishli biror bir maktab, mahalla bo’lsa, shubhasiz u kelajakdagi rivojlanish yo’liga to’g’onoq bo’lishi turgan gap. Mana shu ezgulikka to’g’onoqlik ham o’quvchilar jinoyatiga zamin hozirlayotgan illatlar manbaidir. To’g’ri, guruch kurmaksiz bo’lmaydi. Bu haqida esa, “Ko’zgu” nomli she’rimda quyidagi to’rtlikni yozgan edim.
“To’g’ri, guruch kurmaksiz bo’lmas,
YUrak to’fon toshiradi-ku.
Lekin, o’zbek o’sha kurmakni,
Tozalab, osh pishiradi-ku”
Agar kurmaklarimizni tozalamoqchi bo’lsak, faqat va faqat birlashishimiz kerak. SHu o’rinda, aybning hammasini kattalarga yuklash xato. Masalaning yana bir tarafi, biz bilan bog’liq. O’quvchilarda ham anchagina to’g’irlanishi kerak bo’lgan kamchiliklar mavjud. Lekin, shuni unutmaslik kerakki, har bir o’quvchi-yosh bamisoli oppoq qog’oz kabidir. Qalam esa, kattalarning qo’lida. Bugun ota-onamiz, ustozlarimiz shu qog’ozga nima yozishsa, ertaga ana shu yozganlarini o’qishadi. Aziz ota-onalar! Sizga bir savol bermoqchiman. Siz o’z farzandingizni bir kunda necha marta bag’ringizga bosasiz? Mayli, har kuni emas bir hafta, bir oyda necha marotaba “Bolam, men seni yaxshi ko’raman. Sen mening kelajagimsan”, deb aytasiz? Agar ushbu savolga vijdoningiz oldida javob bera olsangiz, haqiqiy mehr nima ekanligini, haqiqiy e’tibor qanday bo’lishini his qilasiz va biz farzandlaringizga ham o’rgaiasiz. Hurmatli kattalar, Siz bizning qalb qog’ozimizga faqat yaxshi so’zlarni yozing. Ko’ngil bog’imizga ezgulik urug’larini qadang. Va ana shu qadash vaqtida o’zingiz ham ezgu ishlarni qilishni unutib qo’ymang. To’g’ri yo’l ko’rsatyapsizmi, avval o’zingiz ana shu yo’ldan yurib, oxirigacha ko’rsatib bering. Maslahat beryapsizmi, o’zingiz amal qiladiganlarini ayting. Ta’lim beryapsizmi, yangilikka, zamonaviylikka intiling. Tarbiya beryapsizmi, o’tmishni unutmang, vaqtida o’zingiz ham kitob o’qib turing. Bizni yaxshi inson bo’lishimizni xohlayapsizmi, o’zingiz o’rnak bo’ling. Biz o’quvchi-yoshlar hammangizni yaxshi ko’ramiz.

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Izoh qo'shing

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: