Karantin vaqtidagi ta’lim, barcha savollarga javoblar

Xalq ta'limi vaziri o'rinbosari Dilshod kenjayev
Bizni endi Telegramda ham o'qishingiz mumkin. Kanalga obuna bo'lish

O’qituvchilar, o’quvchilar va ota-onalar uchun karantin davrida maktab ta’limi bo’yicha savollarga javoblar bilan tanishing.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi shtabda Xalq ta’limi vaziri o’rinbosari Dilshod Kenjayev bilan onlayn brifing bo’lib o’tdi.
Brifing “UzReport“ telekanali orqali to’g’ridan-to’g’ri efirga uzatildi va @koronavirusinfouz telegramm kanalida onlayn berib borildi. Unda xalqimizni qiziqtirayotgan bir qator savollarga javob berildi:
Saytimizda ana shu savol-javoblarni taqdim etishga qaror qildik. Onlayn brefing videosini to’liq tomosha qilish uchun Xalq ta’limi vazirligining Youtubedagi kanali orqali ko’rishingiz mumkin. “Javob” tugmasi bosilganda javob matni paydo bo’ladi.
Savol: Karantin sababli onlayn darslar o’tkazilyapti. Nima uchun imkoniyati cheklangan, ko’zi ojiz, kar va soqovlar uchun darslar tashkil qilinmayapti?

Javob

Xabaringiz bor, 2020-yil 16-martdan umumta’lim maktab o’quvchilari uchun tatil e’lon qilindi. O’quvchilarimizning ta’til vaqtlarini mazmunli o’tkazish va o’quv dasturda belgilangan bilimlarni o’z vaqtida o’zlashtirish maqsadida O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda televizion darslarni tasvirga olish ishlari boshlangan.
Ma’lumot uchun aytib o’tish kerak, televizion darslarni milliy teleradiokompaniya tarkibidagi 4 ta kanalda namoyish etish rejalashtirilgan.
O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasining Yoshlar telekanalida — 1-4-sinf, “Oilaviy” telekanalida — 5-8-sinf, va “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida — 9-11-sinf o’quvchilari uchun, “Dunyo bo’ylab” telekanalida barcha amaliy fanlardan mahoratli o’qituvchilar tomonidan televizion darslar olib boriladi. Televizion darslarni tasvirga olishda imkoniyati cheklangan bolalarni o’qitish ham inobatga olingan.
Barcha dars mashg’ulotlari kar va zaif eshituvchi bolajonlarga ham tushunarli bo’lishi uchun surdopedagog hamda surdotarjimonlar tomonidan sinxron ravishda tarjima qilinmoqda. Ko’zi ojiz bolalar esa televizion dars mashg’ulotlarini ovozli eshitib, tushunib olishlariga imkon yaratiladi. Bu jarayonga soha mutaxassislari jalb etilgan.

Savol: Karantin tufayli ma’lum vaqtga maktablar yopildi. Qayta ochilgandan so’ng o’qish davri uzaytiriladimi, ya’ni yozda o’qish bo’ladimi?
Javob

Ko’pchilikning xabari bor, joriy yilning 15-mart kuni O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligida o’tkazilgan Respublika Maxsus komissiyasi qarori bilan 16-martdan boshlab maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab va oliy ta’lim muassasalari o’quvchilari uchun ta’til e’lon qilingan.
Albatta, ta’tilning davomiyligi tibbiy profilaktika (karantin) jarayonlarining davom etishiga bog’liq. Shuni ta’kidlab o’tish kerakki, Respublika Maxsus komissiyasining topshirig’iga asosan joriy yilning 26-mart kuni Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o’rta ta’lim vazirligi Sog’liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda epedimiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda ta’tilni davom ettirish yoki ettirmaslik zaruriyati yuzasidan Maxsus ishchi guruhiga taklif kiritadi.
Yuqorida ta’kidlab o’tganimizdek, ta’til vaqtida belgilangan o’quv dasturlar (bilim) televizion darslar orqali o’quvchilarimizga yetkaziladi. Hozircha yozgi ta’til davrida o’qishni davom ettirish rejalashtirilmagan.

Savol: Bitiruv imtihonlari qachon o’tkaziladi, harbiy institutga topshirmoqchiman u yerda tibbiy ko’rik va imtihon oldinroq topshiriladi endi nima bo’ladi yoki keyinga surilishi mumkinmi?
Javob

Amaldagi tartibga ko’ra, o’quv yili 25-mayda yakunlanadi. 26-maydan 15-iyunga qadar 9-11-sinflarda bitiruv imtihonlari o’tkaziladi.
Hozircha, bitiruv imtihonlari muddatini uzaytirish rejalashtirilmagan.
Xalq ta’limi vazirligi tegishli vazirlik va idoralar (OTV, Mudofaa, DTM) bilan kelishgan holda bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishlariga to’liq imkoniyat yaratilishiga barcha choralarni ko’radi.

Savol: O’qituvchilarga virus sababli otpuska berishdi. Ammo nega ularni majburan elektron jurnal to’ldirish uchun maktablarda ushlab o’tirishibdi? Nega karantinga amal qilishmayapti? Jurnallar qochib ketadimi? Qani sog’liq haqida qayg’urish? Karantin qilib nima qilishardi? Kim buni nazorat qiladi?
Javob

Respublikamizdagi barcha pedagoglar joriy yilning 18-martidan boshlab haq to’lanadigan mehnat ta’tiliga chiqarildi. Bu haqda vazirlikning tegishli buyrug’i ham qabul qilinib, joylarga yetkazildi.
Shunday bo’lsa ham hududlarda ta’til vaqtida o’qituvchilarni turli tadbirlar (majlis, yig’in, uchrashuv)ga jalb etilayotganligi yoki ishga chaqirib qandaydir ishlarni bajarish majburlanayotganligi haqida xabarlar kelmoqda.
Vazirlik tomonidan bunday holatlar tezkor o’rganilib, tegishli choralar ko’rilmoqda. Bundan tashqari, ta’til vaqtida pedagoglarni hech qanday ishlarga jalb etmaslik to’g’risida vazirlikning rasmiy ijtimoiy tarmoqlari, veb-sayti orqali murojaat bilan chiqilgan. Savolda aniq manzil (qaysi viloyat, tuman, maktab) ko’rsatilmagan ekan, agar bu haqda to’liq ma’lumot berilsa, albatta bunga chora ko’riladi.
Shu bilan birga, ta’tilda belgilangan pedagogik yuklamalarni onlayn, ya’ni masofadan turib bajarish imkoniyati yaratiladi.
Elektron kundalik masalasiga kelsak, biz televizion darslarni elektron kundalik orqali ham yetkazish, ya’ni uyga berilgan topshiriqlarni o’qituvchilar orqali ota-onalarga yetkazish va o’quvchilarni baholash rejalashtirilgan. Buning uchun o’qituvchi ishga borishi shart emas, uni mobil telefon orqali uyda turib ham bajarishi mumkin.

Savol: Karantin uzoq davom etsa o’quvchilarning yozgi ta’tillari qanday tashkillashtiriladi? Misol uchun karantin may oyigacha cho’zilsa?
Javob

Bu savolga yuqorida ta’kidlab o’tilganidek hozircha ta’til 18-martdan 30-martga qadar belgilangan. Ta’tilning davomiyligiga qarab o’quv jarayonlarining davom etishi haqida albatta o’quvchilar va ota-onalarimizni xabardor qilamiz.

Savol: O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasi kanallarida efirda uzaytirilishi rejalashtirilayotgan teledarslarning jadvalini tomoshabinlarga qachon, qaysi telekanallarda qaysi fan, nechanchi sinf uchun berilishini oldindan bilish uchun qanday e’lon qilib boriladi?
Javob

Eslatib o’tamiz, television darslar O’zMTRK ning 4 ta kanalida “Yoshlar”, “Oilaviy”, “Madaniyat va ma’rifat” hamda “Dunyo bo’ylab” telekanallari orqali efirga uzatiladi. Internet tarmog’ida esa vazirlikning rasmiy veb-saytida, Kundalik.com hamda onlayn maktab electron portallari orqali kuzatib borishlari mumkin bo’ladi. Teledasturlar, ya’ni darslarning jadvali va efir vaqtlari bilan 26-martdan boshlab anons shaklida e’lon qilinadi. Vazirlik saytida, ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik va ota-onalarimizni xabardor qilib boramiz.

Savol: Telekanallar orqali efirga uzatiladigan darslar davlat tilidan tashqari boshqa tillarda ham o’tiladimi? Masalan, rus, qozoq, tojik, qirg’iz, turkman tillarida ham darslar o’tkaziladimi?
Javob

O’zMTRK telekanallarida televizion darslar 2 tilda (o’zbek va rus tillarida) tasvirga olinmoqda. Shu bilan birga, Qoraqalpog’iston Respublikasida mahalliy telekanali orqali qoraqalpoq tilida televizion darslar ham tayyorlanmoqda.
Qolgan tillarda (qozoq, qirg’iz, turkman, tojik) zarurat tug’ilganda albatta mahalliy telekanallar bilan hamkorlikda televizion darslar tayyorlanadi.

Savol: Xalq ta’limi vazirligi ota-onalardan farzandlarining dars qilayotgan rasmlarini xisobot tarzida yuborishlarini talab qilmoqda. Bu qanchalik to’g’ri?
Javob

Vazirlik tomonidan o’qituvchilardan yoki ota-onalardan uyda dars tayyorlanayotgani haqida hisobot (fotosurat) yuborishlari haqida hech qanday topshiriq berilmagan.
Fursatdan foydalanib, barcha ota-onalarga, pedagoglarga murojaat qilib aytmoqchimiz, hech qanday ortiqcha hisobot, qog’ozbozlik yoki fotosuratlar talab etilishiga yo’l qo’yilmaydi.

Savol: Maktablarda karantin e’lon qilinishi munosabati bilan tungi navbatchilik tashkil etiladimi?
Javob

Karantin vaqtida ta’lim muassasalarida tungi navbatchilik tashkil etish rejalashtirilmagan
Lekin joylarda qo’shimcha qo’shtirnoq ichidagi ayrim tashabbuskor rahbarlar tomonidan tungi navbatchilik tashkil etish haqida topshiriqlar berilayotganligi vazirlikka kelib turibdi. Xalq ta’limi vazirligi barcha mahalliy hokimliklarga ta’lim muassasalarida tungi navbatchilik tashkil etish haqida hukumatning maxsus komissiyasi tomonidan rasmiy topshiriq berilmaganligini yana bir bor eslatib o’tadi.

Savol: Nima uchun direktor, uning o’rinbosarlari va yana bir guruh xodimlar karantin paytida ham faoliyatini davom ettirishi kerak?
Javob

O’quvchilar uchun qo’shimcha e’lon qilingan ta’til davrida masofadan turib o’quv jarayonini tashkil etish hamda ta’lim muassasa va tashkilotlarning bino va inshootlarini samarali saqlash ishlarini muvofiqlashtirish, shuningdek yetim va ota-onasi qaramog’idan mahrum bo’lgan bolalarni tarbiya jarayonini tashkil etish maqsadida o’z faoliyatini ish joyida amalga oshiradigan rahbar va xodimlar ro’yxati tasdiqlandi.
Ya’ni, maktab va maktab internatlarda direktor, o’quv ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari, ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari, xo’jalik ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari (yoki xo’jalik ishlari mudiri) , psixolog, yoshlar yetakchisi, farrosh (hovli supuruvchi), ishchi, qorovul.
Masalan, hozirgi kunda joylarda SES xodimlari bilan birgalikda ta’lim muassasalarimizda tozalash dizenfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Savol: Maktabgacha yoki boshlang’ich ta’lim yoshidagi farzandi bor direktor, uning o’rinbosarlari yoki karantin paytida ishlashi kerak bo’lgan xodimlarga ham ta’til beriladimi?
Javob

Albatta, Davlatimiz rahbarining tegishli Farmonida ham belgilab berilganidek, bog’cha yoki boshlang’ich sinf yoshida bo’lgan farzandlariga uyda qarab turishlari uchun lavozimidan qat’iy nazar mehnat ta’tili beriladi, buning uchun ularga barcha sharoitlar yaratiladi.

Savol: Internetda turli onlayn videodarslar e’lon qilinmoqda. Vazirlik tomonidan tayyorlanayotgan videodarslarni qayerdan olishimiz mumkin?
Javob

Bu ham muhim savol, vazirlik tomonidan televizion darslar tayyorlanayotganligi va bu darslar internet tarmoqlariga onlayn shaklda joylashtirilishi haqida xabar tarqatilganidan so’ng, ayrim chaqqon ta’lim muassasalari rahbarlari, hududiy boshqarmalar tomonidan onlayn darslar tayyorlashga majburlanayotgani haqida xabarlar kelib tushdi. Bu holatga tezkorlik bilan munosabat bildirildi.
Eslatib o’tamiz, televizion darslar milliy teleradiokompaniyaning 4 ta kanalida efirga uzatilishi rejalashtirilgan: 1-4-sinf “Yoshlar” telekanalida, 5-8-sinf “Oilaviy”, 9-11-sinf “Madaniyat va ma’rifat”, amaliy fanlar va 5 ta muhim tashabbus bilan bog’liq mashg’ulotlar “Dunyo bo’ylab” telekanallari orqali efirga uzatiladi. Internet tarmog’ida esa vazirlikning rasmiy veb-saytida, Kundalik.com hamda onlayn maktab electron portallari orqali kuzatib borishlari mumkin bo’ladi.

Savol: O’quvchi uyda mustaqil tarzda tayyorlanayotgan paytida mavzu bo’yicha yordam kerak bo’lsa, mavzu bo’yicha ma’lumot olish uchun kimga murojaat qilsa bo’ladi?
Javob

O’quvchilarimiz uyda mustaqil dars tayyorlayotgan vaqtlarda mavzularni o’zlashtirish bo’yicha savollarga javob olishlari uchun birinchi navbatda o’zlarining ustozlariga, ya’ni fan o’qituvchilariga murojaat etishlari mumkin.
Bundan tashqari, mahoratli fan o’qituvchilari psixologlar va metodistlar tomonidan ham maslahat berib borishlari yo’lga qo’yiladi. Vazirlikning rasmiy ijtimoiy tarmoqdagi kanallari va sayti orqali ham mutaxassis maslahatlari berib boriladi.

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Fikrlar: 4
  1. Muhammmadyusuf

    Karantin uzoqqa cho’ziladimi

    1. Baxtiyor Roziq (Muallif)

      Hozircha ma’lum emas deyishgan

  2. Ergashev Qobiljon

    sentabrdan o’qish boshlanadimi yoki y o’q iltimos biz o’qish bo’lishini hohlaymiz ayniqsa ko’lej va akademik litseylarda shu masalada savolmga javob bering.

    1. Baxtiyor Roziq (Muallif)

      Bu savolga faqat respublika maxsus komissiyasi javob beradi

Izoh qo'shing

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: