Jismoniy tarbiya fani o’qituvchilari malaka toifasini olish uchun test topshirmaydi

Jismoniy tarbiya fani o’qituvchilari malaka toifasini olish uchun test topshirmaydi

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi jismoniy tarbiya o’qituvchilari bilan bog’liq o’zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi 106-son bilan yuqori mehnat samaradorligiga erishayotgan jismoniy tarbiya fani o’qituvchilarini munosib rag’batlantirishni tashkil etish maqsadida bir qator qarorlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilganligi to’g’risida oldin xabar berilgan edi. Jumladan, Maktabgacha, umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestasiyadan o’tkazish tartibi to’g’risidagi nizomga kiritilgan qo’shimchaga ko’ra, ta’lim muassasalarining quyidagi jismoniy tarbiya fani o’qituvchilariga malaka toifasi (lavozim) to’g’ridan-to’g’ri (attestasiyadan o’tkazilmasdan) beriladi:

– tuman (shahar) miqyosidagi sport musobaqalarining 1-o’rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – ikkinchi malaka toifasi (katta o’qituvchi lavozimi);

– viloyat miqyosidagi sport musobaqalarining 1-o’rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – birinchi malaka toifasi (etakchi o’qituvchi lavozimi);

– xalqaro hamda respublika miqyosidagi sport musobaqalarining 1, 2 va 3-o’rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – oliy malaka toifasi (bosh o’qituvchi lavozimi).

SHuningdek, ushbu qarorda jismoniy tarbiya fani o’qituvchilari uchun malaka sinovlari (test sinovlari o’rniga) nazariy va amaliy sinovlar sinovlarini o’tkazish belgilanganligi sababli tegishli vazirlik va idoralar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarga o’zgartirishlar kiritilmoqda.

Ushbu o’zgarishlar yuqori mehnat samaradorligiga erishgan jismoniy tarbiya fani o’qituvchilarini rag’batlantirishga katta hissa qo’shib, ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish bo’yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun:

2019 yilda xalq ta’limi tizimi pedagog kadrlari attestasiyasining test sinovlarida jami 2592 nafar jismoniy tarbiya fani o’qituvchilari ishtirok etishgan.

Test sinovlari natijalariga ko’ra ishtirok etganlarning 2592 nafardan 1481 nafari (57,1%) ijobiy natijalar, ya’ni amaldagi malaka toifasini oshirish yoki saqlab qolishga mos keladigan ko’rsatkichlarni qayd etishgan.

Jismoniy tarbiya fani bo’yicha ishtirok etgan 2592 nafar pedagoglarning o’rtacha ko’rsatkichlari 61,4% (o’tgan yilgi 60,1%ga nisbatan +1,3% ga oshgan)ni tashkil qilgan.

Bu o’qituvchilarining ko’rsatkichlarini 100 ballik reyting tizimi asosida tahlil qilinganda, ishtirok etgan 2592 nafar pedagoglardan:

– 86-100 ball, a’lo – 64 (2,4%) nafar;

– 71-85 ball, yaxshi – 399 (15,3%) nafar;

– 55-70 ball, koniqarli – 1287 (49,6%) nafar;

– 55-baldan past, koniqarsiz – 842 (32,6 %) nafar.

Attestasiya natijalariga ko’ra, 68 (2,6%) nafariga oliy malaka toifasi, 1040 (40,1%) nafariga birinchi malaka toifasi, 1484 (57,2%) nafarga ikkinchi malaka toifasi berilgan.

2019-2020 o’quv yilida xalq ta’limi musassalarida faoliyat ko’rsatayotgan jismoniy tarbiya o’qituvchilari jami 28897 nafar, shundan:

– oliy malaka toifalilar soni – 314 nafar (1,1%);

– birinchi malaka tofialilar soni – 2842 nafar (9,9%);

– ikkinchi malaka toifalilar soni – 9887 nafar (34,3%);

– mutaxassis malaka toifalilar soni – 9753 nafar (33,7%);

– malaka toifasiga ega bo’lmagan (o’rta maxsus ma’lumotli) 6075 nafar (21,0%)ni tashkil etadi.

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: