Dunyo ta’limida xalqaro reytinglar: Cho’qqi tomon poyga

Dunyo ta’limida xalqaro reytinglar Cho’qqi tomon poyga

Mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi, barcha sohalarda rivojlangan davlatlar bilan raqobatlasha olishi oʻz navbatida mehnat bozoridagi kadrlarga bogʻliq.

Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantiradigan kadrlar esa taʼlim muassasalarida oʻqib-ulgʻayadi. Demak, sifatli taʼlim tizimi sifatli kadrlarni, sifatli kadrlar esa rivojlangan, boy jamiyatni quradi.
Shu nuqtayi nazardan mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi davriga qadam qoʻygan bugungi kunda inson kapitaliga sarmoya kiritish, taʼlimni isloh qilish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Jumladan, soʻnggi ikki yil ichida oʻqituvchilarning oylik maoshi 1,5 barobarga oshirildi, jamiyatda oʻqituvchilar nufuzini oshirishga qaratilgan qator choralar koʻrildi, mamlakatimizning barcha hududlarida Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilib, mazkur taʼlim muassasalariga eng malakali mutaxassislar jalb etildi. Shuningdek, mavjud maktablarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, barcha hududlarda zamonaviy maktablar barpo etilmoqda.
Barcha sohadagi islohotlarni amalga oshirishdan avval, albatta, xalqaro tajribalarni oʻrganish, tahlil qilish va natijalarni kuzatib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatlarda olib borilayotgan taʼlim siyosatining qay darajada samara berayotganligi xalqaro reytinglarda oʻz aksini topadi.
ICILS, ICCS, TEDS, TIMSS, PIRLS, PISA, TALIS kabi xalqaro baholash dasturlari orqali turli yoʻnalishlar boʻyicha reytinglar aniqlanadi va eʼlon qilinadi. Bu dasturlar orasida eng nufuzlisi PISA baholash dasturi boʻlib, undagi ishtirokchi-davlatlar soni 85 tani tashkil etadi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2021-yilda oʻtkaziladigan PISA xalqaro tadqiqotida bizning oʻquvchilar ham ishtirok etishi, xalqaro arenalarda Oʻzbekiston ham oʻzini munosib tarzda namoyon etishi uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning Farmoniga muvofiq mamlakatimizning 2030-yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro baholash dasturining reytingi boʻyicha jahonning 30 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kirishga erishishi ustuvor vazifa etib belgilanganligi ham mazkur tadqiqotda muvaffaqiyatli ishtirok etib borish masalasiga hukumat darajasida yuksak eʼtibor qaratilayotganligidan dalolatdir.
Mazkur tadqiqotning jozibasi nimada? U dunyo taʼlim tizimiga qanday taʼsir etmoqda? Mazkur savollarga javob berish uchun PISA tadqiqotining koʻp yillik tahlillariga asosan xalqaro ekspertlar, tadqiqotchilar mulohazalariga hamda PISA dasturining asoschisi va koordinatori, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Taʼlim departamenti rahbari janob Andreas Shlyayxerning “Jahon miqyosidagi taʼlim. XXI asr maktab tizimini qanday barpo etmoq kerak?” (“Worldwide Education. How to build a 21st-century school system?”) nomli noyob kitobiga murojaat etdik.
2015-yilda oʻquvchilarning taʼlimdagi yutuqlarini baholash boʻyicha xalqaro PISA dasturida qatnashgan koʻplab oʻquvchilar oʻqish, matematika va tabiiy fanlar boʻyicha hatto oddiy topshiriqlarni ham bajara olmadi. Tadqiqotning maqsadli guruhiga aholisining daromadi yuqori va oʻrtacha darajada boʻlgan jahonning 72 mamlakatida yashaydigan 15 yoshli oʻsmirlar kirgandi.
Garchi umumiy oʻrta taʼlimga sarflangan xarajatlar bu davrda 20 foizga oshgan boʻlsada, soʻnggi oʻn yil ichida Gʻarb mamlakatlari oʻquvchilarining taʼlimdagi natijalari amalda yaxshilanmadi. Koʻp mamlakatlarda taʼlim sifati, maktab joylashgan hudud va oʻquvchilar yashaydigan joyoʻrtasidagi bevosita bogʻliqlikni kuzatish mumkin.
Biroq, 10 foiz kam taʼminlangan vyetnamlik va estoniyalik oʻquvchilarning taʼlim natijalari baʼzi Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi eng boy oilalarda ulgʻayayotgan oʻquvchilarning natijalaridan ustunlik qiladi, shuningdek, Yevropa hamda AQSH oʻquvchilarining taʼlimdagi oʻrtacha darajasi bilan qiyoslana oladi. Koʻp mamlakatlarda eng nochor maktablarning oʻquvchilari yuqori taʼlim natijalariga erishgani xususida bir oʻylab koʻraylik. Bugungi jahon taʼlim tizimi liderlarining koʻpchiligi faqat yaqindagina bu yuqori pogʻonalarga erishganini ham hisobga olaylik. Demak, buni amalga oshirish mumkin vaamalga oshirilishi shart. Toʻgʻri taʼlimsiz insonlar jamiyatning pana-pastqam joylarida muhtojlikda yashaydilar. Mamlakatlar texnologiya yutuqlaridan foyda ololmaydilar va bu yutuqlar ijtimoiy taraqqiyotga olib kelmaydi.
Xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish bizga ilgʻor taʼlim amaliyotinikuzatish, innovatsion taʼlim siyosati hamda amaliyotini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonlari, umuman, oʻrganishimiz mumkin boʻlgan koʻpgina muvaffaqiyatli misollar bilan tanishish imkonini ham beradi.
PISAning boshlanishi. 1990-yillarning oxirida aynan taʼlim siyosatini ishlab chiqish uchun tadqiqotlarda aniq ilmiy yondashuvni qoʻllash gʻoyasi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan oʻquvchilarning taʼlimdagi yutuqlarini baholash boʻyicha xalqaro dastur – PISA tadqiqotining yaratilishiga olib keldi.
PISAning maqsadi – taʼlim tashkilotlari va taʼlim siyosatini belgilaydigan shaxslarga sinf, maktab va butun mamlakat chegarasidan tashqariga nazar solishga yordam berishdir. U ishonchli maʼlumotlarni toʻplaydi va ularni oʻquvchilar haqidagi keng qamrovlimaʼlumotlar bilan birlashtiradi.
Bugun PISA tadqiqotlari – bu nafaqat mamlakatlarni qiyoslash, balki PISA tadqiqotida ixtiyoriy qatnashayotgan minglab taʼlim tashkilotlarini ham taqqoslashdir. Bu ularga oʻz natijalarini butun dunyo maktablari bilan qiyoslash imkonini beradi.
PISA tadqiqotlarida yuqori natijani koʻrsatish uchun oʻquvchilar fanlar chegarasidan chiqib fikrlashlari va yangi vaziyatlarda oʻz bilimlarini ijodiy qoʻllay olishlari lozim.
PISA tadqiqoti taʼlim sohasidagi islohotlarning oʻziga tortuvchi kuchi boʻla olishini isbotladi. Har uch yilda oʻtkaziladigan bu baholash taʼlim siyosatini belgilovchi shaxslarga murakkab islohotlarga oid qarorlarni tahliliy manba bilan mustahkamlab, qabul qilishga yordam beradi. Bugun PISA tadqiqoti vositasida jahon iqtisodiyotining 80 foizini tashkil etadigan 90 dan ortiq mamlakat bahs-munozara olib bormoqda.
“PISA shok” – magʻrurlik chekindi
PISA dasturining eng muhim kashfiyotlaridan biri shuki, taʼlim tizimlari oʻzgarishi va yaxshilanishi mumkin. PISA maʼlumotlari ijtimoiy nochorlik va maktab bolalarining yomon natijalari oʻrtasida gʻayriixtiyoriy aloqa yoʻqligini isbotladi. Madomiki ayrim mamlakatlar oʻzlashtirishni koʻtarishga qaratilgan siyosatni olib borishi mumkin ekan, nega endi boshqa mamlakatlar bunday qilolmaydi?
Germaniyada PISA – 2000 tadqiqoti natijalari atrofida boʻlgan bahslar oʻta shiddatli kechdi. Oʻquvchilarning kutilgan natijalarni mutlaqo aks ettirmaydigan past natijalari bilan toʻqnash kelgan siyosatchilar “PISA – shok” holatini boshdan kechirishdi.
PISA – 2000 natijalari mamlakatning turli ijtimoiy-iqtisodiy statusga ega boʻlgan maktablarining taʼlim natijalarida sezilarli darajada nomuvofiqliklar borligini koʻrsatdi. Ushbu tadqiqotlar Finlyandiyadagi maktablarning yuqori barqarorlikka ega ekanini koʻrsatgani Germaniyada chuqur taassurot uygʻotdi. Nemis maktablari oʻrtasidagi farq 50 foizga yetgan bir paytda, Finlyandiyadagi turli maktablar oʻquvchilarining natijalaridagi farq 5 foizdan oshmas edi. Boshqacha aytganda, Germaniyada bolani aynan qaysi maktabga berish juda muhim edi.
Nemis maktab tizimi anʼanaviy tarzda bolalarni oʻn yoshida turli yoʻnalishlar boʻyicha ajratadi. Bunda ularning baʼzi birlari akademik taʼlim yoʻlidan ketadi va intellektual xodim boʻlib yetishadi, boshqalari esa kasbiy yoʻldan ketadi va oqibatda intellektual xodimlarga ishlaydi. PISA tadqiqoti bunday saralash jarayoni koʻp narsada mavjud ijtimoiy-sinfiy tuzilmani mustahkamlaganini koʻrsatadi.
2000-yillarning boshida Germaniya taʼlim sohasiga moʻljallangan federal xarajatlarni amalda ikki barobar oshirdi. Ammo bahs-munozaralar keng koʻlamli islohotlarga hayot bagʻishladi, bu islohotlarning baʼzilari butun tizimni sezilarli darajada oʻzgartirib yubordi. Bolalarni erta yoshidan tarbiyalash keng tus oldi, maktablar uchun milliy taʼlim standarti joriy qilindi va kam taʼminlangan oʻquvchilarga, immigrantlarning bolalariga koʻproq yordam koʻrsatila boshladi. Toʻqqiz yildan keyin PISA natijalari taʼlim sifatida ham, taʼlim imkoniyatlarining tengligida ham Germaniyada sezilarli yaxshilanish roʻy berganini namoyish etdi.
Germaniya nisbatan qisqa muddatda oʻz taʼlim tizimini yaxshilagan yagona mamlakat emas. Janubiy Koreyaning oʻrtacha koʻrsatkichlari 2000-yildayoq yuqori edi, ammo koreyaliklarni elitaning tor doirasi vakillarigina PISA tadqiqotida oʻqish savodxonligi boʻyicha yuqori darajaga erishayotgani xavotirga solardi. Oʻn yildan kamroq muddat ichida Janubiy Koreya yuqori koʻrsatkichlarga ega oʻquvchilar sonini ikki barobarga oshira oldi.
Polsha maktab tizimini tubdan qayta qurish har xil maktab oʻquvchilarining oʻzlashtirishidagi tafovutlarni qisqartirish, kuchsiz maktablar koʻrsatkichlarini oshirish va ularning umumiy samaradorligini ikki barobarga koʻtarish imkonini berdi. Portugaliya, xuddi Kolumbiya va Peru singari oʻzining tarqoq maktab tizimini mustahkamladi va umumiy oʻzlashtirishni yaxshilay oldi.
Mamlakatlarning PISA reytingidagi nisbiy oʻrni asosan ijtimoiy va madaniy omillarni aks ettiradi, deb taʼkidlaydiganlar ham taʼlimni yaxshilash mumkinligini tan olishga majbur boʻldi.
Estoniya va Finlyandiya Yevropadagi pedagoglar va siyosatchilar uchun mashhur sayohat yoʻnalishiga aylandi. Bu mamlakatlarda oʻquvchilar 6 yoshga toʻlgandan keyin maktabga boradi va boshqa mamlakatlarga qaraganda bir oʻquv yilida mashgʻulotlarga kam vaqt sarflaydi. Ammo oʻn besh yoshida bu oʻquvchilar oʻzlarining ijtimoiy-iqtisodiy statuslariga qaramay dunyodagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biriga erishadilar. Va amalda bu mamlakatlar maktablar oʻrtasidagi oʻzlashtirishda hech qanday tafovutlarsiz aʼlo darajadagi taʼlim sifati va barcha maktablar taʼlim tizimidagi taʼlim imkoniyatlari tengligini rivojlantirishning uddasidan chiqmoqdalar.
PISA ilk raundlari davomida yuqori samaradorlikka ega va tez takomillashayotgan taʼlim tizimlarining koʻpchiligi Sharqiy Osiyoda ekani maʼlum boʻldi. Bu natijalar Gʻarbda hammaga rasm boʻlib qolgan, koʻpincha bu Osiyo mamlakatlaridagi muvaffaqiyatni oʻquvchilarga yuqori bosim oʻtkazishga va oʻquv materialini yuzaki, tushunmasdan yodlab olishga qaratilganiga yoʻyadigan fikrga qarshi chiqdi.
PISA reytingida gʻalabaga erishish uchun yod olish kamlik qiladi. 2012-yilda muammolarni hal qilish boʻyicha ijodiy koʻnikmalarni baholash uchun PISA oʻzining dastlabki testlarini taqdim etdi. Koʻp kuzatuvchilar, ular reyting jadvallarini ostin-ustun qilib yuboradi yoki, hech boʻlmasa, Sharqiy Osiyoning ancha-muncha past natijalarini namoyish etadi, deb bashorat qilishdi. Ammo birinchi oʻringa bir avlod yetishib chiqqan davrdayoq rivojlanayotgan mamlakatdan zamonaviy industrial davlatga aylangan Singapur chiqdi. Garchi bizning tasavvurimizda Singapurdagi fuqarolik jamiyati hozirgacha fuqarolarning siyosiy jarayonlarga aralashuvi cheklanganligi bilan ajralib tursada, Singapurdagi taʼlim Gʻarbda deyarli sezilmagan tinch revolyutsiyani boshidan kechirdi. Hozirgi paytda mamlakat oʻz taʼlim muassasalarining sifati boʻyicha ham, innovatsion taʼlim strategiyalarini ishlab chiqish va tatbiq etishda pedagoglarning ishtirok etish darajasi boʻyicha ham peshqadamlik qiladi.
Yaponiya PISA boʻyicha eng yaxshi natijalarni koʻrsatgan mamlakatlardan biri boʻldi, biroq tadqiqotda oʻquvchilar odatda oʻquv fanining mazmunini asliday aytib berish talab qilinadigan masalalarni juda yaxshi uddalashlariga qaramay, tadqiqot oʻz bilimini yangi sharoitlarda qoʻllashni talab etadigan ochiq turdagi topshiriqlarni ancha yomon bajarishlarini koʻrsatdi.
Yaponiya taʼlim sifatini baholash milliy tizimiga PISA topshiriqlariga oʻxshash ochiq javobli topshiriqlar kiritildi. Bu kiritilgan yangilik oʻquv jarayonining oʻzgarishida ijobiy aks etdi. 2006-yildan 2009-yilgacha Yaponiyada Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo mamlakatlar ichida ochiq topshiriqlardan iborat boʻlim natijalarida eng tezkor yaxshilanish yuz berdi.
Qoʻshma Shtatlarda, aksincha, PISAning birinchi tadqiqotlariga nisbatan kam eʼtibor qaratildi. Ammo bu vaziyat 2006-yilda oʻtkazilgan tadqiqot natijalari eʼlon qilinganidan soʻng oʻzgardi. Amerikalik taʼlim rahnamolari oʻz hamkasblari – eng samarali jahon taʼlim tizimi vakillari bilan hamkorlik qilish uchun sayohat qila boshladilar.
Faqat 2009-yildagina 2009-yildan 2015-yilgacha Taʼlim vazirligini boshqargan Arne Dunkan uning natijalariga astoydil eʼtibor qaratdi. Vazirning Race to the Top (“Choʻqqi tomon poyga”) deb nomlangan tashabbusi Amerika shtatlari oʻrtasidagi raqobatni kuchaytirishga emas, shtatlar rahbarlarini eng samarali jahon taʼlim tizimlarini oʻrganishga undashga qaratilgan edi.
Germaniyada hatto PISA dasturiga bagʻishlangan juda mashhur telekoʻrsatuv ham paydo boʻldi. Bu koʻrsatuv professional bahs-munozaraning taʼlim, jamiyat va iqtisodiyot muammolarining ommaviy muhokamasiga aylanishiga imkon yaratdi.
2000-yildagi tadqiqotlarning birinchi davrida qatnashgandan keyin toʻqqiz yil oʻtib Braziliya oʻqish savodxonligi sohasida eng katta oʻsishni namoyish qildi. Meksikada ham xuddi shunday tajriba oʻtkazildi.
1960-yillarda AQSHda maktabni muvaffaqiyatli tugatgan yoshlar soni juda koʻp boʻlib, u taʼlim sohasida yetakchi mamlakat edi. Umumtaʼlim maktablariga kiritilgan investitsiyalar mamlakat iqtisodiy rivojining garovi boʻldi. Ammo 1970-1980-yillarda boshqa mamlakatlar AQSH dan oʻzib keta boshladi. 1990-yillarga kelib maktab bitiruvchilarining koʻrsatkichlari boʻyicha AQSH birinchi oʻrindan oʻn uchinchi oʻringa tushib qoldi. Bunda Qoʻshma Shtatlarning taʼlim koʻrsatkichlari shiddat bilan orqaga qaytmadi, biroq rivojlanish dinamikasini saqlab qololmadi.
Aksincha, 1960-yillarda Janubiy Koreyadagi turmush darajasini bugungi Afgʻonistonning turmush darajasi bilan qiyoslasa boʻlar edi, mamlakat juda past taʼlim darajasiga ega edi. Hozir Janubiy Koreyada maktabni muvaffaqiyatli tugatgan oʻsmirlarning ulushi eng yuqori. Janubiy Koreya oʻzini yuqori texnologiyali iqtisodiyotga ega mamlakatga aylantirdi va bunga taʼlim tizimi mustahkam asos boʻldi.
Kambagʻallar maktabda har doim yomon oʻqiydi, muhtojlik – bu qismatmi?
2012-yilda PISA masalalarini yechishda Shanxayning eng kam taʼminlangan oilalarida ulgʻaygan 15 yoshli oʻquvchilarning 10 foizi matematikadan AQSH va boshqa koʻpchilik mamlakatlarning eng yaxshi taʼminlangan oilalarida ulgʻaygan 15 yoshli oʻquvchilarning 10 foizidan koʻra yaxshiroq natijalarni koʻrsatdilar. Shunday qilib, PISA – 2015 tadqiqotida Estoniya va Vyetnamning eng nochor oilalari farzandlarining 10 foizi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning oʻrtacha oʻquvchilari koʻrsatgan natijalarni namoyish etdilar.
2006-yildan 2015-yilgacha boʻlgan davrda Qoʻshma Shtatlarda ijtimoiy kelib chiqish va oʻquvchilarning oʻzlashtirishi oʻrtasidagi bogʻliqlik PISA da ishtirok etayotgan boshqa har qanday mamlakatdagiga nisbatan koʻproq susaydi. 2006-yilda 15 yoshli eng qashshoq amerikaliklarning har beshinchisi tabiiy fanlardan eng yaxshi natijalarga erisha oldi. 2015-yilda buni har uchinchi oʻquvchi uddaladi. Shunday qilib, ijtimoiy harakatchanlik haqidagi amerikacha orzuni hayotga tadbiq etishga qodir oʻquvchilar ulushi 10 yil ichida 12 foizga oʻsdi.
Investitsiyalarni oshirgandagina taʼlimda yutuqlarga erishish mumkin
Oʻz fuqarolarining samarali hayot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun mamlakatlar taʼlimga mablagʻ sarflashlari zarur. Ammo taʼlimga bevosita investitsiya kiritishni oshirish taʼlimning avtomatik ravishda yaxshilanishiga olib kelmaydi.
Bugungi kunda 6 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bitta oʻquvchiga 50 000 AQSH dollaridan kamroq pul sarflayotgan mamlakatlar uchun PISA bir oʻquvchiga sarflangan xarajatlar va taʼlim natijalari darajasi oʻrtasidagi mustahkam oʻzaro aloqani koʻrsatadi. Ammo ushbu xarajatlar darajasidan oshib oʻtgan mamlakatlarda, shuningdek koʻpchilik Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo mamlakatlarda, bir oʻquvchiga sarflangan xarajatlar bilan oʻquvchilarning oʻrtacha oʻzlashtirishi oʻrtasida oʻzaro aloqa yoʻq.
6 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bir oʻquvchiga 47 000 AQSH dollari sarflayotgan Vengriyada 15 yoshli oʻquvchilarning natijalari bir nafar oʻquvchiga 187 000 AQSH dollaridan ortiq mablagʻ sarflayotgan Lyuksemburgda oʻquvchilarning natijalari qanday boʻlsa, xuddi oʻshanday darajada turibdi. Boshqacha aytganda, muvaffaqiyat sarflangan mablagʻ miqdori bilan emas, bu mablagʻ qanday sarflangani bilan oʻlchanadi.
Taʼlim vaqti qancha koʻp boʻlsa, natijalar ham shuncha yuqori boʻladi
Maktab tizimlari oʻquvchilar oʻqishga sarflaydigan vaqt miqdori boʻyicha bir biridan tubdan farq qiladi. Har bir davlatda, odatda, fanni oʻzlashtirishga sarflanadigan aksariyat vaqt fanga oid eng yaxshi natijalarga bogʻliq. PISA tadqiqotida dars soatlari koʻp boʻlgan mamlakatlar oʻquvchilarining natijalari dars soatlari kam boʻlgan oʻquvchilarning natijalaridan yomonroq. Qanaqasiga bunday boʻlishi mumkin?
Buning sababi oddiy. Taʼlim natijalari doim taʼlim imkoniyatlarining soni va sifatining oqibati boʻladi. Agar dars sifatining barqarorligi saqlansa, oʻquv soatini qoʻshish yaxshi natija beradi. Ammo mamlakatlar taʼlim sifatini oshirganida, ular, odatda, oʻqishga ajratilgan vaqtni koʻpaytirmasdan yaxshi natijalarga erishadilar.
Masalan, Yaponiya va Janubiy Koreyada tabiiy fanlardan oʻquvchilarning ballar miqdori bir xil boʻladi, ammo Yaponiyada oʻquvchilar hamma fanlar boʻyicha oʻqishga haftasiga 41 soat vaqt sarflaydilar (28 soat maktabda va 14 soat maktabdan tashqari), Janubiy Koreyada esa oʻquvchilar haftasiga 50 soat (30 soat maktabda va 20 soat maktabdan tashqari) sarflaydilar. Tunis va Pekin, Shanxay, Szyansu va Guandunda –Xitoyning 2015-yildan boshlab PISA tadqiqotida qatnashgan toʻrt munitsipalitetida – oʻquvchilar haftada 30 soatni maktabdagi va 27 soatni maktabdan keyingi mashgʻulotlarga sarflaydilar. Ammo oʻrta hisobda Xitoy shaharlari va viloyatlarida tabiiy fanlar boʻyicha natijalar 531 ballni, Tunisda esa u 367 ballni tashkil etadi.
Koʻp ota-onalar ularning bolalari mustahkam akademik bilim va koʻnikmalarni egallashi mumkin boʻlgan, ularning ijtimoiy va emotsional kompetensiyalarini rivojlantiradigan teatr toʻgaragiga qatnashish, musiqa yoki sport bilan shugʻullanish kabi sinfdan tashqari tadbirlarga yetarlicha vaqtlari boʻladigan maktablarda oʻqishini xohlagan boʻlardi. Bu har doim muvozanat masalasi boʻlgan. Germaniya, Finlyandiya, Shveysariya, Yaponiya, Estoniya, Shvetsiya, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Chexiya va Makao (Xitoy) – bu mamlakatlar oʻqish vaqtining davomiyligi va oʻzlashtirish oʻrtasidagi toʻgʻri muvozanatni topishning uddasidan chiqishdi.
Maktab taʼlimini keng miqyosda oʻzgartirish uchun bizga mumkin boʻlgan narsani mutlaqo boshqacha, muqobil tarzda his etishgina emas, balki dono strategiyalar, samarador institutlar zarur boʻladi. Chunki jamiyatdagi oʻzgarishlar tezligi bizning hozirgi taʼlim tizimimizga xos boʻlgan oʻzgarishlarga javob bera olish xususiyatining strukturaviy imkoniyatlaridan sezilarli darajada oʻtib ketdi.
PISA dasturiga oʻxshash xalqaro tadqiqotlar mamlakatlarning boshqa maktab tizimlari bilan qiyoslagandagi natijalarini aks ettiradigan oʻziga xos oynadir. Ular yana taʼlim natijalarini yaxshilashga xalaqit berishi mumkin boʻlgan koʻplab omillarni ilmiy asosda aniqlash va bartaraf etishga imkon yaratib, taʼlim tizimini muvaffaqiyatli isloh qilishga xizmat qiladi.
Bizning nazarimizda, taʼlim – bu oʻqishga boʻlgan ishtiyoqni ragʻbatlantirish, tasavvurni kuchaytirish va kelajakni qura oladigan insonlarda mustaqil qaror qabul qila olish qobiliyatini rivojlantirishdir.

Dilshoda Norboyeva,
Xalq taʼlimi vazirligi
Taʼlim sifati monitoringi
boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari

Manba: Uzedu.uz

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: