Bolalikka maktub

Bolalikka maktub
Bizni endi Telegramda ham o'qishingiz mumkin. Kanalga obuna bo'lish

Saytimiz mushtariysidan kelgan qalb kechinmalari

Salom, yuragimning oromgohi! Ahvollaring qanday? Mensiz zerikib qolgandirsan-a? Mening ham sensiz ko’nglim yolg’izlanib qolganday. Seni juda sog’indim…
Kecha derazadan tashqariga qarab turgandim, bir shirin bolakayning ko’zlarida seni ko’rib qoldim. Kichkintoyning harakatlari biram shirin , biram yoqimli, qiliqlari biram o’ziga yarashar ediki, go’yo seni eslatardi. Sen uni erkalarding. Onajonisi mittigina qo’llarini mehr bilan silar, oppoq yuzlaridan o’pib, bag’riga bosardi. U esa jahl bilan xarxasha qilardi.Bu «katta odamcha» ana shu aziz daqiqalarning mangu emasligini bilmasdi. Bolakay bu baxtiyor, betakror, totli lahzalar mangu emasligini bilganida edi, balki yig’lamasmidi. Men esa ularning harakatlarini havas va allanechuk hayajon bilan jim tomosha qilardim…
Esingdami menga hamroh bo’lgan kezlaring?! O’shanda akam va opam muhim mavzu yuzasidan bahslashganlarida , men ham suhbatga aralashib, «aqllilik» qilardim. «Topqirligim» uchun erkalashardi, kulishardi. Mening esa jahlim chiqardi. Chunki menga kattalardek munosabatda bo’lishlarini istardim. «Men kattaman, katta bo’lishni istayman, kichkina bo’lishni yomon ko’raman » , derdim. Endi bu gaplardan kechib, yana senga qaytgim kelyapti.
Nihoyat, sen mendan ketding. Bolaligim, mendan xafamisan? Meni kechir! Hozir esa yana kichkina bo’lib qolishni xohlayman. Yana onam yopib bergan kulchalarni qaymoqqa botirib yeyishni, akam , opamlarga erkalik qilib, ularni kuldirishni, xolamning men tengi qizi bilan quvlashmachoq o’ynashni, qo’shnilarning «Voy ,Odiljonning sho’x , shaddod qizalog’i-ey», deyishlarini xohlardim. Afsuski, vaqt bizning izmimizda emas-da!
Kecha sening rasmingni, to’g’rirog’i , bolaligimning suratini ko’rib qoldim. Unda mening bir bo’lagim qolib ketgan ekan. U ham bo’lsa tabassumlarim!
Endi seni sog’insam, bir jilmayib qo’yaman.

Shahlo Orziyeva, O’zJOKU talabasi

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do'stlaringizga ma'lum qiling:
BAXTIYOR.UZ
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: