Asrab olingan bolalarga ota-onasi kimligini aytmaslik gunohmi?

Asrab olingan bolalarga ota-onasi kimligini aytmaslik gunohmi

Odamlarda bu dunyoda baxtga erishishi uchun, baxtning to‘liq bo‘lishi uchun albatta ota-ona bo‘lishi kerak degan tushuncha bor. Biroq, biz yetimlar bu narsalarni nisbiy deb tushunamiz.

Bu dunyo va oxiratda to‘liq baxtli bo‘lish uchun Alloh taologa ibodat qilib, Uning roziligiga erishishga muvaffaq qiladigan solih amallarni bajarish kerak. Men buni keyinroq tushundim. Lekin bolaligimda, hatto yaqin-yaqinlargacha ham men uchun to‘kis baxt haqiqiy ota-onam bag‘rida o‘sib-ulg‘ayish edi…
Men asrandi bola bo‘lib o‘sganman. Buni yoshligimdan bilganim boismi, menga juda og‘ir bo‘lgan. Bilmaganim yaxshi edi, biroq, bilardim va iztirob chekardim, afsus. Atrofimdagilar ham bilishardi. Xafa qilib qo‘ymaylik, debmi yo boshqa sabab bilanmi, harqalay, o‘zlarini bilmaganga olishardi. Men ham o‘zimni bilmaganga olardim, ammo qiynalardim, kuyardim, yuragim yonardi. O‘zi dunyoda biron bir yetim bormikan, yuragi kuymagan, bu shiddatli olovdan omonda bo‘lgan?..
Etim o‘sgan bolaning oh i, nigohi bir so‘rovga qadalgan va bir savol atrofida aylangan bo‘ladi: Mening ota-onam kim? , Nega men birovlarning qo‘lidaman? , Nega bunday? Nega aynan men? … Albatta, bularning hammasi taqdirda shunday bitilgani, hatto payg‘ambarlar, avliyoyu daholar ham yetim o‘sganligini keyinchalik, ulg‘ayib, atrof-jamiyatni o‘rganganimdan so‘ng bildim. Qalbim xotirjamlik chashmasini topgandek bo‘ldi. Qiyomat borligining yaxshi bir tarafi shu ekanki, bu dunyoda sir bo‘lib qolgan narsalar ochilar ekan. Haqiqiy diydor o‘shanda bo‘ladi, ota-onasini ko‘ra olmaganlar qiyomatda ko‘rishadi, inshoalloh. Tug‘ilganimdan bir necha kun o‘tib, onam rahmatli tug‘uruqxonaning o‘zida vafot etgan ekan. Otamiz esa tushkunlikka tushibmi yoki boshqa sabablari ham bormikan, xullas, meni tug‘ruqxonadan olib chiqmagan ekanlar. Bir oycha tug‘ruqxonada har kimning suti bilan oziqlanib yashagan ekanman. So‘ng yaxshi odamlar boqib olishdi. Keyin bilsam, otamiz ikki katta akamizni maktab-internatga bergan ekanlar. Opacham va endi ikki yoshga to‘lgan kichik akamni rahmatli onamizning ota-onalari o‘zlariga olishgan ekan. Onamizning o‘limi bilan katta bir oila parchalanib ketgan ekan. Keyinroq esa otamiz boshqa turmush qilgan ekanlar. Albatta, onasiz qolgan bolalarning dodini, oh-nolasini kim ham eshitar edi? To‘g‘ri, otamizning uylanishga to‘liq haqlari bo‘lgan. Men otamni sadoqat, vafo va mehrdan yuz o‘girdi, deb ayblay olmayman. Bunga haqqim ham yo‘q. O‘zlari nimani to‘g‘ri deb bilgan bo‘lsalar, shuni qilganlar. Har kim qilganiga yarasha o‘zi javob beradi. Yoshligimda yolg‘iz qolsam, yig‘lab olardim. Keyinroq, yoshim o‘ndan oshgach, yig‘i ham qolmadi, yig‘lash nimaligini unutib ham yubordim. Ko‘z yoshsiz, ich-ichimdan yig‘laydigan, hasrat chekadigan bo‘ldim. G‘am-qayg‘ularimni o‘zgalarga ko‘rsatmaslikka harakat qilardim. Ammo har doim, hamma vaqt ota-onamni qo‘msar, sog‘inar, ular bilan diydor ko‘rishishni istar edim. Bu ilinj meni bir daqiqa bo‘lsin, tark etmagan. Ularni topsam, uchrashish nasib qilsa, nima deyishim kerakligini o‘zimcha puxta o‘ylab, gap-so‘zlarni ich-ichimdan tayyorlar, kuniga tayyorlangan so‘zlarni ichimda takrorlardim. Vaqt esa shafqatsiz tarzda tez o‘tar, men hanuz hijron o‘tida yonar edim. Yaxshi odamlar qo‘lida o‘sib-ulg‘aydim, o‘qidim. Uylantirib qo‘yishdi. Uyli-joyli, bola-chaqali ham bo‘ldim. Biroq chidab bo‘lmaydigan, shiddatli olov kabi kuydirayotgan, yetib bo‘lmaydigan armonim qalbimni asir etgan edi. Men ham o‘z ota-onamni ko‘ramanmi? Ular kim? Nega bunday bo‘lgan? Mendek g‘arib, qalbi o‘ksiklar ham mendek azob chekadilarmi? Yillab kutgan orzuim kutilmaganda ushaldi. O‘tgan yili yoz faslining so‘nggi oylarida kichkina akam meni topdi, telefon orqali suhbatlashdim, tanishdim. So‘ng ko‘rishdim Otamiz va boshqa qarindoshlarimiz boshqa shaharda, qo‘shni davlatda yashashar ekan. Viza va boshqa masalalar bo‘lib, besh-olti oy o‘tgach, nihoyat, ular bilan ko‘rishdim, shukr Biroq, yoshligimdan ular uchun atab qo‘ygan, bir umr orziqib, entikib kutgan ana shu quvonchli damlarimda aytishim kerak bo‘lgan so‘zlarni ularga ayta olmadim
Ads by RedDigital
https://moevideo.biz/native?id=mv-content-roll-2797&slot=content&api=2.0&ref=aniq.uz
… Meni asrab olgan ota-onam bundan xabar topib, biroz qalblari ranjidi, yig‘ladilar ham. Ularga otam va jigarlarimni topgan bo‘lsam ham, hech qachon o‘zimni boqib, kamolga yetkazgan ota-onamdan voz kechmasligimni, ular oldida qarzdorligimnini qayta-qayta ta’kidladim. Biroq o‘rtada g‘ashlik qoldi. Endi orzuim ushalib, asliyatimni bilib, yaqinlarimni topganimda armonga yo‘liqamanmi? Nega bola asrab olganlar, asrandi farzandining o‘tmishini yo‘qotishga urinadilar? Asrandi bola haqiqiy ota-onasi, kimligi haqida bilishga haqli emasmi? Bu savollarga javob topishga qiynalaman…
Internet sahifamga kelgan ushbu maktubni o‘qib, ancha payt mulohaza qildim. Darhaqiqat bizning tamoyilda asrandi boladan asliyati sir tutiladi. Ko‘p hollarda bola asrab olinganini bilsa-da, haqiqiy ota-onasi kimligini bilishga haqli sanalmaydi. Mabodo ulg‘ayib, o‘z ixtiyori va xohishi bilan ota-onasini izlashga tushsa, ko‘rnamaklikda ayblanadi: Ha, tuqqan ona emas, boqqan ona bo‘ladi! Shuncha boqib katta qilganimizga rahmat demay, qayoqdagi ota-onasini izlashga tushibdimi?! , Yetim qo‘zi boqsang og‘zi-burning moy bo‘lar, yetim bola boqsang og‘zi-burning qon bo‘lar, deganlari shu ekan-da!.. Afsuski, qarashlarimiz yanglish o‘yda qotib qolgan asrab olgan bolaning o‘tmishini yo‘qotishga urinamiz. Bolaga inson emas, shaxsiy mulk sifatida qarash jamiyatimizdagi xunuk illatlardan.
Manbalarda keltirilishicha, bir yilda o‘n mingga yaqin bolani onalari tug‘ruqxonalarda tashlab ketar ekan. Shu jumladan, bolalar shifoxonalarida ota-onalari tashlab ketgan qirq mingga yaqin chaqaloqlar bor ekan. Bolalarni asrab olish jarayonida ushbu bolalarning eng muhim va aziz narsasini o‘zi haqida bilish huquqi tortib olingan. Bu yerda bola asrab olish siri nazarda tutilyapti, ya’ni bunga ko‘ra, bolaning haqiqiy ma’lumotlari sir saqlanadi. Haqiqiy ism-shariflari, tug‘ilgan joylari, tavallud topgan kunlari va qanday tug‘ilganlarini bilmaydigan hamda o‘zlarining haqiqiy ota-onalari, aka-ukalari va opa-singillarini bilmaydigan asrandi bolalar ulg‘ayib, voyaga yetib qoldi. Kattalar o‘zlarining ixtiyorlariga ko‘ra qaror chiqarib qo‘ygan bolalar. Kimdir tashlab ketgan, kimdir esa joylab qo‘ygan, kimdir esa boshpana bergan. Biroq, bu bolalar uchun qilingan xayrli ishlar ularning haqiqiy ota-onalarining ismlarini yashirish uchun sabab bo‘la oladimi, axir?
Bola asrab olish nima degani?
Amrullo Ahmedov, huquqshunos: Bu asrab oluvchi va asrab olingan o‘rtasida ota-ona va farzandlarga xos bo‘lgan huquqiy munosabatlarning o‘rnatilishi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 151-moddasiga muvofiq farzandlikka olish faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiriladi. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga ko‘ra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.
Haqiqiy ota-onasini bilishga haqli emasmi?
Jamiyatimizda aksar odamlarning fikriga ko‘ra, o‘zlarining biologik (haqiqiy) ota-onalarini izlayotgan bolalar noshukr hisoblanadi. Ko‘pchilik oldindan uni tarbiya qilib olgan oilaga yomon munosabatda bo‘lgani uchun yoki uning yaxshiliklarini inkor qilish uchun asrandi bola o‘z qarindoshlarini izlamoqda, deb o‘zicha xulosa chiqarib qo‘ygan. Bir tanish qizning o‘lim to‘shagida yotgan asrab olgan onasi haqiqiy qarindoshlarini topishga rozi bo‘lgan edi. Qo‘lida haqiqiy ota-onalari haqida ma’lumot izlashga ruxsati bo‘lgan mazkur qiz rasmiy ravishda hech bir natijaga erisha olmadi. O‘zi tug‘ilgan tug‘ruqxonada ishlaydigan shifokor va hamshiralarning yordami bilan yaqinlarini topishga muvaffaq bo‘ldi. Jamiyat asrab olingan bolaning taqdiriga xo‘jayin bo‘lishni istaydi, ehtimol, shunday bo‘lishi hammaga yaxshi bo‘ladi, degan mulohaza bordir bu yerda: asrandi bolaga oilaga, oilaga bolaga. Biroq jamiyat asrandi boladan unutib yuborish, xotirasidan o‘chirib yuborish mumkin bo‘lmagan narsa haqida talab qilishi adolatsizlikdir.
Haqiqiy ota-onalarini izlashga qarshi bo‘lganlarning fikricha, asrab olish holati yuz berganda oila bu muruvvat, bola esa muruvvat ko‘rsatilgan taraf. Biroq, qandaydir bir oila bola asrab olmoqchi bo‘lganida ular ikki sabab ila bu ishni amalga oshiradilar: ular bolaga yordam berish uchun yoki o‘zlariga yordam qilish uchun bola asrab oladilar. Yolg‘izlik, farzandsizlikdan, ba’zilar qandaydir moddiy yordam uchun ham bola asrab olish uchun (ba’zi mintaqalarda asrab oluvchilar uchun nafaqa beriladi yoki kimlargadir uy olish uchun sertifikat beriladi). Kimlargadir ro‘zg‘or uchun qo‘shimcha yordamchi qo‘llar kerak (bu qishloq joylar uchun juda dolzarb). Men bola asrab olganlarning bolalarini qayta bolalar uyiga topshirib yuborganlar haqida hech narsa demayapman…
Aldab kelinayotgan asrandi bolalarning yashashlari naqadar og‘ir ekani haqida qandaydir tasavvurga egamisiz? Bunday bola doim unga yolg‘on so‘zlanayotganini bilib turadi.
Voqea: Tug‘ruqxonadan asrab olingan bir qiz ota-onasi haqiqiy emasligi haqida tush ko‘radi, bunday shubhaga borishga hech qanday sabab yo‘q edi. Biroq oradan ko‘p yillar o‘tgach, haqiqatdan ham u asrab olingan qiz ekani ma’lum bo‘ladi. Alloh unga ushbu yo‘l bilan haqiqatni bildirgan. Bu qo‘shnilar, yangi qarindoshlar yoki ko‘chadagi odamlardan eshitgandan ko‘ra qalbiga kamroq shikast yetkazsa kerak. Afsuski, aksar holatlarda shunday ham bo‘ladi, shundan so‘ng bolaning dili ranjib, xafa bo‘ladi, hatto asrab olgan oila bilan aloqasi buzilishi ham mumkin.
Xo‘sh, aslida qanday bo‘lishi kerak; Dinimizda nima deyilgan?
Bola uchun shunchalik murakkab vaziyatni inobatga olgan hamda bolani asrab olgan ota-ona tomonidan bolaga manfaatli bo‘ladi deb o‘ylayotgan hollarda ham yolg‘on gapirishni ta’qiqlagan Islom dini qanchalik ham adolatlidir!
Islom bolaning otasi ismini o‘zgartirishni, unga o‘z familiyasini berishni, uni o‘zining haqiqiy farzandiga huquq jihatidan teng qilishni ta’qiqlaydi. Islom dini bolani asrab olgan ota-onaga uning haqiqiy ota-onasi to‘g‘risida ma’lumot berishlarini majburiy qilib belgilaydi. Bolalar huquqi haqidagi konvensiyada bola o‘z ota-onasini bilish haqqiga ega ekanligi ta’kidlanadi. Boshqa ota-ona qaramog‘iga, farzandligiga olib, tarbiya qilingan bola Islom fiqhida asrandi bola deyiladi. Yetimni, yoki qiyinchilikda qolgan oilaning bolasini olib, shariat hukmiga muvofiq boqish, tarbiyalash juda ham savob ish. Lekin Qur’oni Karimning ( Ahzob surasi, 4 5 oyatlar) hukmiga ko‘ra, birovning bolasini o‘z farzandim deyish haromdir. Bunday qilgan odam gunohkor bo‘ladi. Tutingan o‘g‘il farzand o‘rniga o‘tmaydi. Alloh subhanahu va taolo: tarbiyaga olingan farzandlarni asrab olgan odamning nomi bilan emas, o‘z haqiqiy otasi nomi bilan chaqiringlar, deb to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladi. Mabodo asrab olingan bolaning haqiqiy otasi kim ekani ma’lum bo‘lmasa, ular sizga Islom dini bo‘yicha qardoshlaringiz va do‘stlaringizdir … (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Tafsiri Hilol . 2-nashr, 4-juz).
So‘ngiso‘z o‘rnida
Etim boqish, mehrga tashna o‘ksik ko‘ngilni shod etish, albatta, savob amallardan. Biroq bu amalga xudbinlik daxl qilmagani ma’qul. Siz bola arsab olmoqchi bo‘lsangiz yoxud asrab olingan farzandingiz bo‘lsa, uni asliyatidan mahrum qilishga urinmang. U ham inson. Nasl-nasabi, o‘tmishi, aslida kim ekanini, ota-onasi, qarindosh-urug‘ini bilishga haqli. Siz go‘zal tarbiya, mehr va odob berishga harakat qiling. Ana shunda vaqti kelib o‘z ota-onasini topganida ham sizning taftingiz ko‘nglining to‘rida bo‘ladi…
Umida ADIZOVA tayyorladi

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
BAXTIYOR.UZ

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: