Amalda foydalaniladigan bilim asl xazina, yoxud kompetensiya tushunchacining mohiyati xususida

Agar bolalar erkin fikrlashni o‘rganmasa, berilgan ta’lim samarasi past bo‘lishi muqarrar! Islom Karimov
Amalda foydalaniladigan bilim asl xazina, yoxud kompetensiya tushunchacining mohiyati xususida

“Competence” so‘zi inglizcha “to compete” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, musobaqalashmoq, raqobatlashmoq, bellashmoq degan ma’noni bildiradi. So‘zma-so‘z tarjima qilinsa musobaqalashishga layoqatlilik ma’nosida keladi. Atamaning mohiyati shuningdek, samaradorlik, moslashuvchanlik, yutuqlilik, muvaffaqiyatlilik, tushunuvchanlik, natijalilik, uquvlilik, xususiyat, sifat, miqdor kabi tushunchalar asosida ham tavsiflanmoqda. Kompetentlilik bevosita kasbga loyiqlik, o‘z sohasi bo‘yicha egallagan bilim, ko‘nikma, malakalaridan kasbi doirasida mustaqil ravishda amaliy foydalana olish va ijodiy munosabatini namoyon qila olish qobiliyatidir.
Darhaqiqat, ko‘p narsani bilsa-da, lekin ularni amaliy qo‘llay olmaydigan o‘quvchining jamiyatga ham, o‘ziga ham foydasi tegmaydi. Nemis olimi Hilbert Meyer aytganidek, “kompetentli o‘quvchi “quruq bilim” sohibi bo‘lib qolmasdan, balki o‘z bilimlaridan yuzaga kelgan vaziyatlarda yetarlicha foydalana oladi, xotirasida tez tiklanadigan bilimlar mazmuniga ega bo‘ladi”.
Imom G‘azzoliy shunday misol keltiradi: “Agar senda barcha qurol-aslaha(bilim) bo‘lsa-yu, dushman hujum qilib qolsa u qurollarni ishlatolmasang, yoyinki ishlatishni bilmasang qurollaring borligidan ne naf?!”… Ba’zi g‘arb davlatlarining ko‘pgina sohalarda bizdan ilgarilab ketishining boisini asrimiz boshida jadidchilarimiz yetakchisi Ismoil Gaspirinskiy bir g‘arblik olimdan so‘raganida shunday javob bergan ekan: “Sizlarning kitoblaringiz(“Qur’oni Karim”, “Al-Jome’ as-sahih” , “Tib qonunlari”) ni biz o‘qib amal qilamiz, sizlar esa uni faqat yodlaysizlar yoki uy to‘rida osib saqlaysizlar, xolos…”
Naqadar achchiq haqiqat bu! SHu bois O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, f-m.f.n, dosent N.SH.Turdiev, shunday ilg‘or fikrni keltirib o‘tdilar:
“XX asrda o‘qish va yozishni bilmaydigan odamni savodsiz deyishgan bo‘lsa, endi XXI asrda o‘rgangan bilimlaridan amaliyotda foydalana olmaydigan odamni savodsiz deyiladi!”
O‘tkir qalam sohibi O‘tkir Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobida ana shunday o‘qib uqmaganlarga, bilganlarini amalda qo‘llamaganlarga hayotdan bir misolni keltirib shunday deydi: “Uchta bolasi bilan xotinini haydab yuborib “Bolalar kelajagini asrang!” deya she’r yozdi-ey shavvoz!”…
SHuningdek, kompetensiya tushunchasini bugungi ta’lim-tarbiya tizimimizga kirib kelishi yuqorida keltirib o‘tgan misollarimizdan bilib olgan bo‘lsangiz, avvalo taraqqiyot talabi, ya’ni hayotiy ehtiyojdir. Farzandlarimiz ko‘p bilimlarni to‘tiqushday yodlab olsa-yu, hayotdagi muommoli vaziyatlarda qo‘llay olmasa unday bilimdan ne naf?!
Biz bolalarimizga uchishga qanot berish bilan birga qanotni qachon, qay tarzda qoqishni ham o‘rgatishimiz zarur.
Zero, SHekspir ta’kidlaganidek, “murg‘ak bolani yiqilganda ko‘tarib qo‘yish bilan ish bitmaydi. Uni ko‘tarib qo‘ygandan so‘ng to o‘zini tiklab olguncha madad berishni ham bilishimiz zarur!” Hozirgi kunda o‘quvchilarda o‘quv predmetlari bo‘yicha faqatgina bilim, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishning o‘zi yetarli emasligi ma’lum bo‘lmoqda.

Jumladan:
 Ta’lim muassasasini muaffaqiyatli bitirgan ayrim o‘quvchilar, hayotda ko‘p muaffaqiyatsizliklarga uchraydi;
 Oliy ta’lim muassasini bitirib yangi ishga borgan yosh mutaxassis universitet yoki institutda kasbiga oid bilim va ko‘nikmalarni yetarli darajada olgan bo‘lsa-da, ish joyiga ko‘nikishi uzoq vaqt davom etadi;
 Kritik momentda ma’lum bo‘ladiki, maktab yoki liseyda olingan bilim va ko‘nikmalar tezda hal qilinishi kerak bo‘lgan hayotiy vaziyatlarga to‘g‘ri kelmaydi yoki umuman hayotida kerak bo‘lmaydi.(5 – 11-sinfgacha 18 ta fan o‘tiladi!)
Endi e’tiboringizni adabiyot fanidagi ba’zi kompetensiya(egallanishi shart bo‘lgan layoqat-BKMni amalda qo‘llay olish)ga qaratsak. O‘quvchi Hazrat Navoiyning
Boshni fido ayla ato boshig‘a,
Jismni qil sadqa ano qoshig‘a.
Tun-u kuningga aylagil nurfosh,
Birisin oy angla, birisin quyosh!
she’rini yoddan bilib mazmunini ham aytib berolsa-yu, ammo amaliy hayotda otasiga gap qaytarsa, onasidan oyda bir xabar olmasa bu qanday bilim bo‘ldi, bu qanday tarbiya bo‘ldi! Qashqadaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan Tursunpo‘lat Xolov ana shunday, o‘qib uqmaganlarga yana bir hayotiy misolni keltirib shunday dedilar: Qarshi shahriga uzoq safar(Rossiya)dan qaytib kelib avval ota-onasining oldiga bormay yaxshi ko‘rgan qizi bilan uchrashib yana safarga qaytib ketdi. YAna uning “oliy ma’lumotli” degan nomi borligiga nima deysiz?!
Ana sizga kompetensiya tushunchasining hayotimizga kirib kelish sabablaridan biri…
O‘qib turib uqmagan, amal qilmaydiganlar uchun sharq adabiyotining ulkan vakili hisoblangan SHayx Sa’diy SHeroziy hazratlari shunday “chiroyli” bir misol keltiradilar:
O‘qib turib amal qilmagan beshak,
Ustiga kitob ortilgan eshak!
Maktabda bola algebradan faqat “5”ga o‘qigan bo‘lsa-yu, amaliy hayotda terakni kesmasdan uzunligini o‘lchab berolmasa, 15X7 o‘lchamdagi uyga qancha shifer ketishini aytib berolmasa,bir kamaz g‘ishtni bittalab sanamasdan eni bilan bo‘yini o‘lchab, ko‘paytirib hisobini chiqarib bera olmasa uning olgan “5” baholaridan nima foyda?!
Kompetensiya tushunchasini boshqa fanlarga ham yuqorida keltirib o‘tgan misollarimiz kabi moslashtirishingiz, muqoyasa qilishingiz mumkin. Co‘zimiz oxirida butun jahon hayotining amaliy tajribasidan o‘tgan ushbu oltin formulani e’tiboringizga havola qilmoqdamiz. Xulosa chiqarish esa o‘zingizga havola.

OLTIN FORMULA
BILIM
(Nazariya) X HARAKAT
(Amal qilish) = NATIJA (Foydasi)
100 % x 0 % = 0 %
0 % x 100 % = 0 %
10 % x 10 % = 100 %

Doimiy bilim olishdan aslo charchamang.
Sizning bilimingiz katta daromadlar beradigan omonat kassangizdir. Faqat o‘sha olgan bilimlaringizni doimo amalda qo‘llay olsangizgina asl xazinaga, natijaga ega bo‘lasiz!
Ha azizlar, XXI asr valyutasi — amalda isbot qilingan BILIMdir!!!

Ortiq Ali Behutov,
Qashqadaryo viloyati YAkkabog‘ tumanidagi 103-umumiy o‘rta ta’lim
maktabining o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari.

Понравилась статья? Поделиться с друзьями:
BAXTIYOR.UZ

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: