Yakshanba , 24 Mart 2019
Bosh sahifa » O‘qituvchilarga » Ota-onadan o’qituvchiga 15 yordam

Ota-onadan o’qituvchiga 15 yordam

Bolaning kelajagi yo’lida o’qituvchining maqsadi ham, ota-onaning orzusi ham mushtarak albatta. Agar ota-onalar quyidagi tavsiyalar bilan tanishib mumkin qadar ularga rioya etadigan bo’lishsa o’qituvchilar uchun ham behad yordam bo’lgan bo’lar edi.

Hurmatli ota-onalar, hozir ta’lim jarayoni yangi bosqichga ko’tarilgan. Siz farzandingizni elning koriga yaraydigan, yuksak salohiyatli, o’z so’zini topib ayta oladigan, o’ziga yarasha qobiliyatli bo’lib yetishishini qanchalik istasangiz, o’qituvchilar ham bu yo’lda tinimsiz ish olib bormoqdalar. Bu yo’lda sizning ro’lingiz katta.

1. Qiziqtiring.

Zamon talabidan kelib chiqqan holda farzandingizni chet tili, iqtisod, ma’naviyat, musiqa va boshqa fanlarga qiziqtiring. Bu yo’lda o’zingiz ham kishi bilmas ijodkor bo’ling.

2. Yodlating.

Farzandingizga ko’proq she’r yodlating. Bu farzandingizning xotirasini mustahkamlabgina qolmay, fikrini ham tiniqlashtiradi, zehnini o’tkirlashtiradi.

3. Ko’proq suhbatlashing.

Kundalik tashvishlar tufayli ota-onalar farzandi uchun vaqt ajratishmaydi. Natijada, farzandlarining og’zaki nutqida ravonlik rivojlanmay qoladi. Ha, og’zaki nutqning rivojida ota-onaning alohida o’rni bor. Farzandlaringiz sizga ilhaqligini, so’zlaringizga, nasihatlaringizga, maqtovingizga muhtoj ekanligini unutmang.

4. To’garaklarga qatnashtiring.

Ba’zida ota-onalar farzandlarining televizorga bog’lanib qolayotganidan noliydi. Bo’sh vaqtni to’g’ri tashkil etish ta’lim-tarbiyaning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Farzandingizni sport va fan to’garaklariga yuboring. Bunga jiddiy e’tibor bering.

5. Fikrini cheklamang.

Farzandingizning harakati va fikrini cheklamang. O’z dunyoqarashini bayon etishiga imkon bering. Fikrlari xato bo’lsa to’g’ri yo’nalishga soling.

6. Do’stlaridan ayirmang.

Farzandingizni kundalik yumushlarga ko’mib do’stlaridan butkul ayirib qo’ymang. Aks holda farzandingiz odamovi bo’lib qolishi, ko’proq yolg’izlikni xohlab qolishi mumkin.

7. Farzandingiz kasal bo’lib qolsa…

Ba’zi hollarda yaxshi o’qiydigan bolalar ham kasal bo’lib tuzalganlaridan so’ng o’qishlarida pasayish kuzatiladi. Oradagi bo’shliqni to’ldirish uchun farzandingizning ruhiyatiga ijobiy ta’sir o’tkazing. O’ziga bo’lgan ishonchni tiklashiga yordam bering.

8. Qo’l telefoni…

Agar turar joyingiz farzandingiz o’qiydigan dargohdan uzoq bo’lmasa, nazorat qila olmasangiz, o’qishlariga halal berishini inobatga olib qo’l telefoni olib bermaganingizto’g’ri bo’ladi.

9. Kun tartibi.

Farzandingizni kun tartibiga rioya etishga undab turing. Qaysi vaqtda o’ynashi, qaysi vaqtda dars tayyorlashi, qaysi vaqtda uy ishlariga qarashib qaysi vaqtda uxlashi va boshqa shu kabi kundalik harakatlarini belgilab amal qilishiga erishing. Hozirdanoq buning uddasidan chiqsangiz natijasini albatta ko’rasiz.

10. Farzandingizni xulqi o’zgarsa…

Farzandingizning xulqi salbiy tomonga o’zgarayotganini sezsangiz birinchi navbatda birga o’ynaydigan o’rtoqlarini kuzating. Bu ishga darhol kirishing. Niholingizni shirin so’z va tagdor gaplar bilan tarbiyaga chaqiring.

11. Rag’batlantiring.

Farzandingiz darslarga faol ishtirok etishini, o’qishga qiziqishini oshirishni istasangiz albatta rag’batlantirib turing. Rag’bat moddiy usulda ham, ma’naviy usulda ham bo’lishi mumkin. Darslarga muntazam qatnashmaydigan, fanlarga qiziqmaydigan, zo’rg’a uch baho olib yuradigan bir o’quvchini bilar edim. Yangi o’quv yilidan boshlab shu qadar o’zgarib ketdiki, barcha fanlardan faqat a’lo baholar ola boshlagan edi. Sababini surishtirib balsam uning otasi a’lo baholarga o’qib tadbirlarga ko’p qatnashsang, maktabni bitirganingdan so’ng senga mashina olib beraman degan ekan. U odamning o’zida ham mashina yo’q edi, lekin 6-sinfda o’qiydigan o’g’lining shu ketishda o’z mashinasiga erishishiga ishongingiz keladi.

12. Kitob olib bering.

Darslikdan tashqari badiiy kitoblardan olib bering. Ko’p kitob o’qish kishining ma’naviyatini yuksaltiradi, dunyoqarashini kengaytiradi. Kitob o’qiydigan boladan xech qachon tarbiyasiz odam chiqmaydi.

13. O’qituvchisi bilan suhbatlashing.

Farzandingizning qanday kamol topayotgani, darslardagi faolligi, o’rtoqlari orasida o’zini tutishini so’rab sinf rahbari bilan tez-tez suhbatlashib turing. Bolangiz qaysi fanni yaxshi ko’rsa, ko’proq qiziqsa, shu fan o’qituvchisi bilan hamkorlik qilishga intiling. Fan o’qituvchilari ham ota-onasi qayg’urgan va alohida hurmat ko’rsatgan o’quvchilarga ko’proq e’tibor qaratib qo’yishadi.

14. Farzandingiz maktabga deb pul so’rasa…

Agar farzandingiz o’qituvchimiz aytdi, falon narsa uchun mana shunchadan pul yig’ilar ekan deb aytsa, albatta qo’liga pul bermasdan sinf rahbariga uchrang, yoki bog’lanib ko’ring. Bolalarda kampyuter o’yinlari va o’z nafslari yo’lida ota-onalarini aldab o’qituvchilari nomidan pul so’raydigan holler uchrab turadi.

15. Yordamingizni taklif eting.

Farzandingizning kelajagi uchun unga ilm olishda, ta’limni o’zlashtirishda sharoitlar qilib bering. Shunday muhit yaratib beringki bolangiz o’z-o’ziga ishonuvchan, sertakalluf, ishchan, mas’uliyatli va o’z fikrini dadil ayta oladigan bo’lsin.
Ha, orzuning o’zi kamlik qiladi. Hammasini vaqt ixtiyoriga tashlab qo’yish ham yaramaydi. Sizning harakatingiz avvalambor o’zingizga sharaf va rahmat olib keladi.

Muallif Baxtiyor Roziq

Assalomu alaykum! Hurmatli sayt mehmonlari, sizning e'tiboringiz men uchun juda muhim. Qanday ishlayotganimni bilish men uchun juda qiziq. Iltimos, ushbu maqolaga o'z munosabatingizni bildiring. Qo'shimcha fikrlaringiz bo'lsa baham ko'ring.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan