Bosh sahifa » O'qituvchilarga » O’qituvchi nutqiga nazar

O’qituvchi nutqiga nazar

Ma’lumki, o’qituvchilik o’ta mas’uliyatli va sharafli kasb hisoblanadi. Ta’lim muassasalarida o’qituvchining samaradorligi avvalo uning bilimdonligi, tayyorgarligi, o’z faniga qiziqishi, izlanuvchanligi, yuksak pedagogic mahorati va albatta nutqiy qobiliyatiga bog’liqdir. Barkamol hamda har taraflama yetuk insonni tarbiya qilish uchun o’qituvchi nafaqat puxta bilimli balki o’z fikrini chiroyli, ravon, nutq madaniyati qonuniyatlarini chuqur egallagan holda ifoda qila olishi zarur. Muhtaram prezidentimiz I.A.Karimov “O’z fikrini mutlaqo mustaqil, ona tilida ravon, go’zal va lo’nda ifoda eta olmaydigan mutaxassisni, avvalombor, rahbar kursida o’tirganlarni bugun tushunish ham, oqlash ham qiyin.” – deb bejizga aytmagan edilar.

Nutq madaniyati barcha fan o’qituvchilari uchun birdek ahamiyatlidir. O’qituvchining nutqiy madaniyati darslarni tashkil etish, yangi mavzuni tushuntirish va mustahkamlash, so’rash va javob berish, mavzu bo’yicha muammoli vaziyatlarni yaratish va munozaralar yordamida hal etish kabi ta’lim jarayonining barcha jabhalarida namoyon bo’ladi. O’qituvchi bevosita nutqi yordamida muayyan mavzuni tushuntiradi, fikrini mantiqiy izchillik asosida bayon etadi, ya’ni dalillarni asoslaydi, taqqoslaydi, ular o’rtasidagi aloqani ma’lum qiladi, umumlashtiradi va xulosalaydi. Shuning uchun o’qituvchi nutqiy jihatdan quyidagi talablarni o’z oldiga qo’yishi maqsadga muvofiqdir:

  1. O’quvchilar diqqatini to’play olish;
  2. Nutqning ta’sirchan va ifodaliligiga ahamiyat qaratish;
  3. Fikrni ixcham, soda, ta’sirli qilib ifodalash;
  4. Mavzuga mos dalil va isbotlarni aniq, lo’nda qilib keltirish;
  5. Aytilgan fikrni o’rinsiz takrorlamaslik;
  6. Fikrni bayon etish jarayonida hayajonlanmaslik, o’zini og’ir tutish;
  7. O’quvchilar nutqini shakllantirish;

O’qituvchilik faoliyatida nutq juda muhim vazifalarni bajaradi. O’qituvchilarning so’zlari ta’sirida bolalarda muayyan ruhiy jarayon va holatlar vujudga keladi, insoniy xislatlar shakllanadi. Xalqimiz orasida “Mo’tabar zot” nomini olgan ustozlar juda ko’plab topiladi. Ular pedagogic mahorati, fidoiyligi, muallimlik burchini yuksak darajada bajara olgani, halollik, go’zallik, haqiqat, odob-axloq nurini singdira olganliklari va xushmuomala bo’lganliklari uchun ham bu maqomga erishganlar. Albatta, o’qituvchi nutq madaniyati haqida gap yuritilganda muallimning faqatgina gapirishi emas, shuningdek, yozma fikr bayon qilishi, tinglab tushunishi va o’qishi ham e’tiborga olinadi. Uy vazifasini tekshirish, sinf doskasiga yozish chog’ida yozma nutq o’qituvchidan katta mas’uliyat talab etadi. Matnni ovoz chiqarib o’qish ham mahorat evaziga amalgam oshiriladi. O’qituvchi nafaqat dars jarayonida, balki darsdan tashqari o’tkaziladigan tarbiyaviy mashg’ulotlarda, tadbirlarda, ota-onalar yig’ilishlarida, aholi va mehnat jamoalari huzurida nutqining go’zalligi bilan ajralib turishi kerak. Chunki, o’qituvchining nutqi, o’quvchilar uchun namuna vazifasini o’taydi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Afsuski, o’z ustida ishlamaydigan, o’qituvchilik sohasiga o’zi xohlamay kirib qolgan kimsalar ham yo’q emas. Ular har bir bolaning xarakter xususiyatlaridan kelib chiqib muomala qilish kerakligini bilmaydilar. Darsga kechikib kirgan, darsga qiziqmay gaplashib o’tiradigan, vazifani bajara olmagan o’quvchilarning qalbiga joiz so’zlar orqali yo’l toppish o’rniga qo’pollik qilib urishadilar, hatto, kurakda turmaydigan so’zlar bilan haqorat qilib shaxsiyatlariga tegadilar. Bu kabi o’qituvchilar o’quvchilarni nafaqat fandan bezdiradilar, ilmsiz qoldiradilar, qolaversa asabiy va qo’pol bo’lib yetishlariga sababchi bo’ladilar. Xalqimiz ustozni juda ham e’zozlaydi, otaga qiyoslab ko’klarga ko’taradi. Shunday ekan, ushbu nomga loyiq bo’lish, ushbu ardoqning mas’uliyatini his etish ustozman, tarbiyachiman, ta’lim beruvchiman degan har bir shaxsning o’z qo’lidadir.

Qayd etish kerakki, Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish mamlakatimizning asosiy ustuvor yo’nalishlaridan biridir. Bugungi kunda, xalqaro hayotda ikki qarama-qarshi ijtimoiy guruh o’rtasida mafkuraviy kurash nihoyatda keskinlashgan bir davrda yashayotgan ekanmiz, yosh avlod tarbiyachisi uchun mafkuraviy kurashning asosiy quroli bo’lgan til va nutqning har qachongidan ham o’tkir va keskin bo’lishini taqozo etadi.

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan