Yakshanba , 24 Mart 2019
Bosh sahifa » O‘qituvchilarga » Bobur kabi seving vatanni (tadbir sinariysi)

Bobur kabi seving vatanni (tadbir sinariysi)

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag’ishlangan “Bobur kabi seving vatanni” deb nomlangan shou tadbir sinareysi

Sahna bayramona bezatilib atrofga turli rangdagi sharlar, gullar va Mirzo boburning mashhur ruboiylari yozilgan fanolar ilingan bo’ladi. Sahnaga ko’tarinki kayfiyatda ikki boshlovchi ya’ni yigit va qiz chiqib kelishadi.

Yigit: Assalomu alaykum bizga hayot saboqlarini berishda hormay-tolmay xizmat qilayotgan mehridaryo ustozlar?
Qiz: Assalomu alaykum bizni munchoq ko’zlari bilan tomosha qilib o’tirgan bilimga chanqoq o’quvchilar?
Yigit: Bugun sizlar bilan Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag’ishlab “Bobur kabi seving vatanni” deb nomlangan shou tadbir tufayli uchrashib turibmiz.
Qiz: Ha, Mirzo bobur yashaganiga garchi 500 yildan oshgan bo’lsada uning adabiy va ilmiy merosi o’z qadrini zarracha ham yo’qotmagan. Buni biz tadbir davomida yana bir bor shohidi bo’lamiz.
Yigit: Ana shunday ulug’ maqsadda o’quvchilar qiziqarli tadbir tayyorlab kelishgan. Davramizni ochib berish uchun so’zni hurmatli ustozimiz maktabimiz direktoriga beramiz.
Qiz: Marhamat!
Yigit: Zahiriddin Muhammad Bobur shoh va shoir bo’lib uning ismi “Sher” degan ma’noni anglatadi.
Qiz: Chindan ham u ”Sher” degan nomga munosib shaxs edi. U tariximizning murakkab bir davrida yashadi.
Yigit: Yurt jangu jadallar ichida qolgan edi. O’z yurtiga sig’may qolgan temuriyzoda Hindistonga bosh olib ketdi.
Qiz: Va u yerda buyuk saltanat o’rnatib o’z jasorati va adolati bilan olis hind xalqi qalbidan joy oldi, mehrini qozondi.
Yigit: Mirzo Boburning avlodlari hind diyorida 300 yildan ortiqroq hukmronlik qildilar.
Qiz: Zahiriddin Muhammad Bobur didi va zavqi baland shoir edi. U go’zal g’azallar yozdi.
Qiz: Ruboiyning tengsiz namunalarini yaratdi. Ko’rgan-kechirgan voqealari haqida “Boburnoma” asariniyozib qoldirdi.
Yigit: Uning qalbi musiqaga oshno edi. U sozni go’zal chalgan, ajoyib kuylar yaratgan va musiqa ilmi haqida asar yozgan shoir edi.
Qiz: Mirzo Bobur 1483-yilning 14-fevralida Andijonda tug’iladi. Uning otasi temuriyzoda Umarshayx Farg’ona viloyati hukmdori edi. Onasi Qutluq Nigorxonim Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi.
Yigit: Bo’lajak shoir otasining bevaqt erta vafoti tufayli 12 yoshida taxtga o’tiradi.
Qiz: Mirzo Boburdan bizga juda ko’plab bebaho asarlar yetib kelgan.
Shundan so’ng boshlovchilar barcha qatnashchilarni birin-ketin taklif etadilar. Sahnaga 4 yigit va 4 qizdan iborat 2 guruh qarsaklar ostida chiqib kelishadi. Boshlovchilar sardorlardan o’z guruhi nomlarini so’rab olgach, tadbir shartlari va undan keyin baholab boruvchi hakamlar bilan tanishtirib o’tadilar.
Ishtirokchilar quyidagi shartlar bo’yicha bellashadilar:
1- shart – “Ruboiy” sharti. Bu shartda jamoaning har bir a’zosi Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub bittadan ruboiy aytadi. Hakamlar ruboiyning aytilishiga qarab 10 ballik tizimda baholashadi. Ruboiylardan namunalar:
Taqdir yuki boshimga balolig’ bo’ldi,
Har neniki ayladim hatolig’ bo’ldi,
Oz yurtni qo’yib Hind sori yuzlandim,
Yo Rab netayin, bu ne yuz qarolig’ bo’ldi.

Yod etmas emish kishini g’urbatda kishi,
Shod etmas emish ko’ngulni mehnatda kishi.
Ko’nglim bu g’ariblikda shod o’lmadi, oh,
G’urbatda sevinmas emish, albatta, kishi.

Ahbob, yig’ilmoqni farog’at tutungiz,
Jamiyatingiz borini davlat tutungiz.
Chun gardishi charx bu durur, tengri uchun,
Bir – birini necha kuni g’animat tutungiz.

Tuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur,
Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur,
Sarrishtai ayshdin ko’ngulni zinhor
Uz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur.

Sen gulsenu men haqir bulbuldirmen,
Sen shu’lasen,ul shu’lag’a men kuldirmen.
Nisbat yo’qdur,deb ijtinob aylamakim,
Shohmen elga,vale senga quldurmen.

Har kimki vafo qilsa vafo topgusidur,
Har kimki jafo qilsa jafo topgusidur,
Yahshi kishi yomonlig’ ko’rmagay hargiz,
Ha kimki yomon bo’lsa jazo topgusidur!

Ko’pdin berikim yor-u diyorim yo’qtur,
Bir lahza-yu, bir nafas qarorim yo’qtur.
Keldim bu sorig’a o’z ixtiyorim birla,
Lekin borarimda ixtiyorim yo’qtur.

Bu xasta ko’ngil erdi, visoling ila xush,
Jonim ham erur sening jamoling ila xush.
Hijron g’ami garchi asm noxushdir,
Fikring bila shodman, xayoling bila xush.

2- shart “Savol-javob” sharti bo’lib bunda jamoa a’zolarining har biriga Mirzo Boburning hayoti va ijodi bilan bog’liq bo’lgan 2 tadan savol taqdim etiladi. Har bir to’g’ri javob uchun 2 bal beriladi. Savollardan namunalar:
1. savol Zahiriddin Muhammad Bobur Amir Temurning nechanchi avlodi sanaladi? Javob: Beshinchi
2. savol Bobur She’rlarining umumiy hajmi qancha? Javob: 400 dan ortadi shundan 200dan ortig’Iruboiylardir.
3. savol Bobur so’zining ma’nosi nima? Javob: Sher
4. savol Zahiriddin Muhammad Bobur qachon va qayerda tug’ilgan? Javob: 1483 yil 14 fevral andijonda
5. savol Istedodli shoir Boburning onasini ismi nima bo’lgan? Javob: Qutluq Nigorxonim.
6. savol Mirzo Bobur Hindistonni qachon zabt etdi? Javob: 1526 yili
7. savol Zahiriddin Muhammad Boburning eng katta asari bu? Javob: Boburnoma
8. savol Bobur necha yoshida taxtga o’tiradi? Javob: Otasining erta vafot etgani tufayli 12 yoshida taxtga o’tiradi.
9. savol Zahiriddin Muhammad Bobur Qachon va qayerda vafot etadi? Javob: U 1530 yili Agrada vafot etadi.
10. savol Boburning zakot ishlari bo’yicha ma’lumot beruvchi qanday asari bor? Javob: Mirzo Boburning soliq ishlari haqida ma’lumot beruvchi “Mubayyinu- zakot” nomli asari bor
11. savol Zahiriddin Muhammad Boburning aruz vazni haqida ma’lumot beruvchi asari nima deb nomlanadi? Javob: Shoh va shoirning aruz vazni haqidagi asari “Risolai aruz” deb nomlanadi
12. Mirzo Bobur Hoja ahror valiyning qanday asarini tarjima qilgan? Javob: “Volidaya” asarini o’zbekchaga she’riy tarjima qilgan.
13. savol Boburning qanday asarlari bor, lekin bizgacha yetib kelmagan? Javob: Bular “harb ishi”, “musiqa ilmi” asarlari
14. savol Zahiriddin Muhammad Bobur necha yil umr ko’radi? Javob: U bor-yo’g’I 47 yil umr ko’radi
15. savol Zahiriddin Muhammad Boburning qabri qayerda joylashgan? Javob: Uning qabri Afg’onistonning poytaxti Qobul shaxrida joylashgan.
16. savol Boburning otasini ismi nima edi? Javob: Boburning otasining ismi Umarshayx mirzo

3- shart “Ijodingni namoyon et” sharti bo’lib, bunda tanlab olingan Mirzo Boburning bir ruboiysini ishtirokchilardan biri she’r sifatida, ikkinchisi qo’shiq sifatida, yana biri maqom holatida, yana biri esa tez aytish shaklida ijro etadilar. Boshlovchilar guruh sardorlarini taklif qilib ikki ruboiydan birini tanlashni so’raydi. Hakamlar bu shartni 10 ballik tizimda baholaydilar.

4- shartda jamoa sardorlari “Jonli harakat” deb nomlangan qiziqarli shartda o’z mahoratlarini ishga soladilar. Ushbu shartda ikki yo’nalish bo’lib biri “Sport harakatlari” ikkinchisi esa “Yuz harakatlari” bo’lishi mumkin. 1 daqiqa ichida nechta o’xshatishni topishsa har biriga 1 baldan beriladi. Namunalar:
Sport harakatlari – Uzunlikka sakrash, Boks, Otda chopish, Tennis, Tosh ko’tarish, Yadro uloqtirish, Basketbol, Nayza uloqtirish, Kamondan otish, Qo’l jangi.
Yuz harakatlari – Kulish, Yig’lash, Hafa bo’lish, Arazlash, Baqirish, Sevinish, Mazax qilish, Qo’rqitish, Sovqotish, Voy-dod!.
Har bir shart oralig’ida hakamlar baholab olishlari, hamda tadbirga ko’tarinkilik olib kirish maqsadida o’quvchilar tomonidan tayyorlab kelingan raqslardan bahramand bo’lish mumkin bo’ladi. Raqslardan tashqari tomoshabinlar o’rtasida ham muayyan o’yin tashkil etish yaxshi samara beradi. Barcha shartlar yakunlangach yakuniy so’z hakamlar hay’ati raisiga beriladi. Hakamlar hay’ati raisi ikki jamoaning to’plagan ballarini aytib g’olib jamoani e’lon qiladi. G’olib bo’lgan jamoa a’zolari va barcha faol ishtirok etgan qatnashchilar faxriy yorliq va esdalik sovg’alari bilan taqdirlanadilar.
Yigit: Aziz o’quvchilar, shuning bilan sizlar uchun tayyorlab kelingan Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag’ishlab tayyorlab kelingan “Bobur kabi seving vatanni” deb nomlangan shou tadbirimiz o’z nihoyasiga yetib qoldi. O’ylaymanki, tadbir davomida Mirzo Bobur siymosi haqidagi bilimlaringizni zo’r mamnuniyat bilan oshirib oldingiz.
Qiz: Agar shunday bo’lsa, biz o’zimizni benihoya baxtiyor his etgan bo’lar edik. Diqqat e’tiboringiz uchun tashakkur aytgan holda sizlarga xayr emas
Ikki boshlovchi birdaniga: KO’RISHGUNCHA DEB QOLAMIZ!!! – deya tadbirni yakunlaydi.

Muallif Baxtiyor Roziq

Assalomu alaykum! Hurmatli sayt mehmonlari, sizning e'tiboringiz men uchun juda muhim. Qanday ishlayotganimni bilish men uchun juda qiziq. Iltimos, ushbu maqolaga o'z munosabatingizni bildiring. Qo'shimcha fikrlaringiz bo'lsa baham ko'ring.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan